Prezident ekologik holatni yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi

0
253
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 fevral kuni ekologik holatni yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tahlil etish, eng dolzarb vazifalarni belgilab olishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 21 apreldagi farmoniga muvofiq, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi qayta tashkil etilib, uning zimmasiga ekologik holatni yaxshilash, maishiy chiqindilarni yigʻish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash borasida ulkan vazifalar qoʻyildi.

Shuningdek, 2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni tubdan yaxshilash yuzasidan kompleks dastur qabul qilinib, moliyalashtirish manbalari aniq belgilab berildi.

Tizimda 13 ta “Toza hudud” davlat unitar korxonasi va ularning 174 ta tuman (shahar) filiali tashkil etildi. Ushbu unitar korxonalar balansiga 1 ming 300 ta maxsus texnika, 1 mingta chiqindi toʻplash maydonchasi, 5 ming 800 ta konteyner va 172 ta poligon oʻtkazildi.

Oʻtgan yili qoʻshimcha 305 ta chiqindi toʻplash maydonchasi qurilib, 2 mingdan ziyod konteyner bilan jihozlandi. Respublika boʻyicha jami 295 ta poligon toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, ularning kadastri tuzildi, 97 ta chiqindi poligoni tartibga keltirildi. Qoʻmita qoshida maishiy chiqindilar bilan bogʻliq masalalarni nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi.

Biroq, bu sohada hali oʻz yechimini kutayotgan masalalar va qilinadigan ishlar juda koʻp. Masalan, yurtimizda 53 foiz aholiga sanitar-tozalash xizmati koʻrsatiladi, xolos. Shundan atigi 15 foizi xususiy sektor hissasiga toʻgʻri keladi. Deyarli barcha qishloqlarda maishiy chiqindilarni yigʻish, saqlash va tashish umuman yoʻlga qoʻyilmagan.

Yigʻilishda shu kabi kamchilik va muammolar tanqidiy tahlil qilinib, tizim oldidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga tegishli vazirliklar bilan birgalikda shaharlarda chiqindi yigʻish shoxobchalarini tartibga solish, qishloq aholi punktlarida sanitar-tozalash xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha 5 yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Ushbu dasturda koʻp qavatli uylarda yashovchi aholi sonidan kelib chiqib, chiqindi yigʻish maydonchalarini namunaviy loyihalar asosida optimal tashkil etish, chiqindi tashish maxsus texnikalari xaridini koʻpaytirib, qishloq aholisini sanitar-tozalash xizmatlari bilan bosqichma-bosqich qamrab olish, davlat-xususiy sheriklik prinsipi asosida “Toza hudud” unitar korxonalari buyurtmasiga koʻra sohada tadbirkorlar ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari nazarda tutiladi.

Maishiy chiqindilarni qayta ishlash haqida soʻz borar ekan, Prezidentimiz xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish va keng joriy etish zarurligini taʼkidladi.

Germaniya, Belgiya, Yaponiya, Gollandiya, Shvetsiya kabi mamlakatlarda 60-65 foiz maishiy chiqindi qayta ishlanadi, 20-25 foizidan energiya olinadi, qolgan qismi yoqiladi. Yaʼni chiqindini poligonlarda koʻmishga ham ehtiyoj yoʻq, dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning natijasida yer resurslari tejaladi, iqtisodiy samaraga erishiladi va atrof-muhitga salbiy taʼsir kamayadi.

Shundan kelib chiqib, joriy yilda mamlakatimizning 9 ta shahrida chiqindini yigʻish va qayta ishlash klasterlarini ishga tushirish boʻyicha topshiriq berildi. Bu borada Surxondaryoda tashkil etilgan klaster faoliyati namuna qilib koʻrsatildi.

Shuningdek, Fargʻona vodiysi, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida amalga oshiriladigan chiqindini qayta ishlash loyihalari boʻyicha investorlar bilan bitimlar imzolash, loyiha hujjatlarini tayyorlash va moliyalashtirish yuzasidan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish ishlarini tizimli tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Plastik, polietilen va boshqa qadoqlash materiallarini toʻplash, utilizatsiya qilish yoki qayta ishlashga topshirishda ishtirok etayotgan yuridik va jismoniy shaxslarni ragʻbatlantirish mexanizmini joriy qilish zarurligi qayd etildi.

Atrof-muhit ifloslanishining oldini olish sohasida davlat nazoratini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Masalan, Andijon, Angren, Buxoro, Navoiy, Fargʻona, Olmaliq, Bekobod, Chirchiq, Toshkent va Nukus kabi sanoatlashgan shaharlarda havoning chang bilan ifloslanish darajasi sanitar meʼyordan oʻrta hisobda 2,7 barobar ortgani kuzatilgan.

Shu bois, Ekologiya davlat qoʻmitasi mutasaddilariga xalqaro tajriba asosida atrof-muhitni muhofaza qilish Milliy konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Yigʻilishda oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish, muhofaza etiladigan hududlarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Masalan, oʻtgan yili hayvonot va oʻsimlik dunyosi boʻyicha 3 ming 782 ta huquqbuzarlik va brakonyerlik holatlari aniqlangan. 8 ta davlat qoʻriqxonasidan 6 tasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasida, 2 tasi Geologiya va Ekologiya qoʻmitalari tasarrufida boʻlib, ularni boshqarishda yagona tizim mavjud emas. Shu bois, qoʻriqxonalarni yagona davlat organiga biriktirish masalasini oʻrganib, asosli takliflar ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Chiqindilarni toʻplash va tashish ishlarini doimiy nazorat qilish, aholining bu boradagi madaniyati va masʼuliyatini oshirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Bu boradagi ishlar zamirida odamlarning sogʻligʻi, turmush farovonligi yotibdi. Shu bois, bu masala bilan har bir tumanda va doimiy shugʻullanish kerak, dedi davlatimiz rahbari.

Muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.