Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Elektr energiyasi aholi uchun ham, iqtisodiyot uchun ham eng kerakli manbalardan biri. Uning barqaror taʼminoti uchun esa aniq hisob-kitob, zamonaviy texnologiyalar zarur. Shu maqsadda har bir uy, korxona va muassasaga elektron hisoblagichlar oʻrnatilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz boʻyicha jami 6 million 578 mingdan ortiq isteʼmolchi shunday uskunalar bilan taʼminlangan.
Ushbu innovatsion markaz mijozlarga zamonaviy xizmat koʻrsatish maqsadida tashkil etilgan. 20 million dollarlik mazkur loyiha Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilgan va 2020 yil avgustda ishga tushirilgan. Markazga katta sigʻimli serverlar oʻrnatilgan. Dasturiy taʼminot 8 million isteʼmolchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega. Shu modulni kengaytirish orqali bu koʻrsatkichni 20 milliongacha yetkazish imkoniyati bor.
Shuningdek, hududlardagi elektr taʼminoti korxonalarida kichik “data-sentr”lar tashkil etilgan va mazkur markaz bilan bogʻlangan.
Bularning barchasi tuman, shahar, viloyat va respublika kesimida maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash, soatlik, kunlik, oylik va yillik balanslarni toʻgʻri shakllantirish, pirovard natijada elektr energiyasining aniq hisobini yuritishga xizmat qilmoqda.
— Elektron hisoblagichlar oʻrnatish oson, bu birinchi qadam. Eng qiyini endi boshlanadi. Hududlarda, uzoq qishloqlarda hisoblagichlarni ekspluatatsiya qiladigan professionallar yetarlimi? Ikkinchidan, tizim tashqi taʼsirlarga qay darajada chidamli? Uchinchidan, keyinchalik tarmoq eskirishi tufayli yuzaga keladigan holatlar hisob-kitob qilinganmi? Shularni hozirdan oʻylash kerak. Tushumlarning maʼlum bir foizini ilmga, modernizatsiyaga yoʻnaltirish zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Butun mamlakatimiz boʻyicha ushbu avtomatlashgan tizimga xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish, mutaxassislarni oʻqitadigan va qayta tayyorlaydigan markazlar tashkil etish, xodimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Elektron hisoblagichlar billing tizimiga ulangan boʻlib, qarzdor isteʼmolchilar avtomatik tarzda tarmoqdan uziladi va elektr haqi toʻlangandan keyin yoqiladi. Inson omili kamayib, noqonuniy ulanishlar, korrupsiya holatlariga chek qoʻyiladi. Markazda 100 dan ortiq malakali mutaxassislar ishlamoqda.
Davlatimiz rahbari ular bilan suhbatlashdi, CAS dasturining imkoniyatlari bilan tanishdi.
Bu tizimda barcha elektr stansiyalari, nimstansiyalar, transformatorlar yuklamasi va unga ulangan isteʼmolchilar soni geolokatsiya orqali yaqqol koʻrinib turadi. Har bir hududga biriktirilgan mutaxassislar onlayn rejimda butun mamlakatimizdagi holatni kuzatib boradi, zarur paytda isteʼmolchilarga tezkor xizmat koʻrsatadi.
Shu yerda Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi haqida maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbari markazdagi situatsion xonani ham kirib koʻrdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida elektron hisoblagichli abonentlar qamrovini 2021 yil yakunigacha 100 foizga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Hozirda bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga jami 7 million 418 mingdan ziyod isteʼmolchini ulash rejalashtirilgan.