Toshkent shahrida 19 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Tadbirni Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxoʻjayev ochdi.
Davlatimiz madhiyasi yangradi.
Yalpi majlis ishini tashkil etish uchun kotibiyat va elektron ovoz berish nazorati boʻyicha guruh tuzildi, kun tartibi tasdiqlandi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Oliy Majlis Senatiga saylov natijalari toʻgʻrisida axborot berdi.
Bu jarayon yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda takomillashtirilgan milliy saylov qonunchiligiga binoan oshkora va adolatli oʻtgani taʼkidlandi. Asosiy qonunimizga muvofiq, Senat aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – 4 kishidan saylandi. Yana 9 nafar senator Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan tayinlandi.
Yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.
Davlatimiz rahbari yangi tarkibdagi Senat aʼzolarini yuksak ishonchga sazovor boʻlganlari bilan samimiy tabrikladi.
Yuqori palataning avvalgi tarkibi mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qoʻshgani taʼkidlandi. Oxirgi besh yilda yuqori palata tomonidan 106 marta hisobotlar eshitilgan, ijro organlariga 1 ming 300 ta soʻrov kiritilgan. Parlamentning xalqaro maydondagi nufuzi ham sezilarli darajada oshgan. Oʻtgan davrda xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo doʻstlik guruhlari soni 26 tadan 73 taga yetgan.
Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida Senat tarkibi ixchamlashib, uning aʼzolari soni 100 nafardan 65 nafarga qisqardi. Ayni vaqtda senatorlarning vakolatlari va masʼuliyati bir necha barobar oshdi. Xususan, yuqori palataning parlament nazorati va bir qator muhim davlat organlarini shakllantirishdagi ishtiroki sezilarli ravishda kengaytirildi. Senatga ham qonunchilik taklifi kiritish huquqi berildi.
Prezident bugun dunyodagi vaziyatga yigʻilganlar eʼtiborini qaratib, tinchlik va birlikning ahamiyatini taʼkidladi.
– Mana shunday gʻoyat tahlikali vaziyatda biz faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni taʼminlashga erisha olamiz. Hurmatli senatorlarimiz, mahalliy kengashlarga saylangan deputatlarimiz ana shu oʻtkir haqiqatni, oʻz zimmalaridagi ulkan masʼuliyatni chuqur anglab ish olib boradilar, deb ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu omillar barchadan oʻz ishini tanqidiy baholab, uni butunlay yangicha tashkil etishni taqozo etmoqda. Shu munosabat bilan, Senat oldida turgan dolzarb vazifalarga toʻxtalib oʻtildi.
Birinchidan, qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etish zarur. Ayniqsa, qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun boʻyicha ularning fikrini olish amaliyotini yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega. Eng muhimi, qonunlarda hududiy va umumdavlat manfaatlari uygʻun boʻlishiga erishish lozim.
Ikkinchidan, mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama koʻmaklashish Senatning ustuvor vazifasi boʻlishi kerak. Maʼlumki, endi xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan kengash raislari boshchilik qiladi. Shuningdek, Kengash soʻrovi va Kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi. 2026 yildan boshlab tuman va shahar Kengashlariga ham hokimlar raislik qilmaydi.
Ushbu chora-tadbirlar mamlakatimizda davlat boshqaruvini quyi boʻgʻinga tushirish, ularni aholiga yaqinlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganidan dalolat beradi.
Uchinchidan, mahalliy Kengashlar vazirlik va idoralarning quyi boʻgʻinlari, ayniqsa, tuman va shahar boʻlinmalari bilan joylarda yangicha yondashuv asosida ishlashi talab etiladi.
Tuman va shaharlar byudjeti munosabatlarida ham mahalliy kengashlar juda katta vakolatlarga ega. Bundan oqilona foydalanib, aholini qiynayotgan masalalarni hal etish, Senat esa bu yoʻnalishlarda mahalliy kengashlarga koʻmaklashib borishi zarur.
Toʻrtinchidan, yangilangan Konstitutsiyamizda Senatga mahalliy Kengashlarning qarorlari qonunchilikka muvofiq boʻlishini taʼminlash boʻyicha katta masʼuliyat yuklatilgan. Senat bu borada ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylikni taʼminlash boʻyicha samarali tizim yaratishi kerak.
Beshinchidan, Senat qoʻmitalari – yuqori palataning yuragi, harakatlantiruvchi kuchidir. Shu bois, qoʻmitalardagi eshituv instituti asoslarini qonun darajasida mustahkamlab qoʻyish vaqti keldi.
Oltinchidan, kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi dastur va rejalarni toʻliq roʻyobga chiqarishda senatorlarning ishtiroki juda muhim.
Yettinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha parlament nazoratini, butun jamiyatimiz ishtirokini yanada kuchaytirish zarur. Senat aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, yosh avlod ongiga qonunga hurmat, toʻgʻrilik va halol mehnat tushunchalarini singdirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishi kerak.
Sakkizinchidan, Senat tomonidan Sudyalar oliy kengashining barcha aʼzolarini saylash tizimi yoʻlga qoʻyilgani sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlashga xizmat qiladi. Bunda Senat faqat nomzodlarni tasdiqlash bilan cheklanmay, ularning faoliyati bilan tanishib, xulosa berish amaliyotini yoʻlga qoʻyish zarur.
Majlisda tashkiliy masalalar ham koʻrib chiqildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyamizning 101-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga nomzod taqdim qildi.
Yashirin ovoz berish orqali Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga Tanzila Narbayeva saylandi. Shuningdek, Senat Raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga Sodiq Safoyev, Senat Raisining oʻrinbosari lavozimiga Amanbay Orinbayev saylandi.
Kun tartibiga muvofiq, Senatda 7 ta qoʻmita va bitta komissiya tuzildi. Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.