Prezident: Fargʻonadan katta natijalar kutamiz

0
175
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Fargʻona shahrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Fargʻonaliklarning tadbirkorligi, mirishkorligi tufayli sezilarli natijalarga erishilmoqda. Xususan, oxirgi bir yilda 10 mingdan ziyod kichik korxona tashkil etilgan. Eksport hajmi 44 foizga oshib, 801 million dollarga yetgan.

Quvasoy shahridagi “Kvars” korxonasida 70 million dollar investitsiya hisobidan, yiliga 22 million kvadrat metr qurilish oynasi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Qoʻshtepadagi “Global tekstil infiniti” korxonasida tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha 120 million yevrolik loyiha jadal amalga oshirilmoqda. Korxona toʻrtinchi chorakda ishga tushib, 3 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.

— Biz toʻgʻri yoʻlni tanlab oldik, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bu joylarda oʻz natijasini berayapti. Fargʻona viloyati 801 million dollarlik eksport qilgan. Ish boshlaganimizda 50 million dollarni moʻljallar edik. Hozir 1 milliard dollar eksport toʻgʻrisida gaplashyapmiz. Bu — viloyat mahsulotlari dunyo bozoriga raqobatbardosh boʻlib kirib boryapti, degani. Buning uchun aql, bilim, shijoat kerak. Joriy yil yakuni boʻyicha mahalliy byudjetda 1 trillion soʻm qolishi kutilyapti. Buning evaziga odamlarga sharoit, tadbirkorlik infratuzilmasi boʻladi. Endi bu yoʻlni davom ettirishimiz kerak.

Davlatimiz rahbari viloyatda mutasaddilar ishtirokida sayyor qabullar oʻtkazilgani, ularda koʻtarilgan muammolarning koʻpi mahalliy darajada ekaniga eʼtibor qaratdi.

— Bu yerga kelishdan oldin qabullar tashkil qildik. Aholi murojaatlarining 45 foizi joyida hal qilingan. Bu yaxshi va biz bu amaliyotni davom ettiramiz. Lekin savol tugʻiladi: hokim, sektor rahbarlari nima qilgan? Bunday masʼuliyatsizlik, odamlarni ovora qilishga chek qoʻyish kerak, — dedi Prezident.

Aholi tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanib, har bir mahallaning ixtisoslashuvi rivojlantirilishi, joriy yilda 147 ming fuqaro bandligini taʼminlash uchun 1 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilishi aytildi.

— Hamma sohada mahalla tizimining rolini oshiryapmiz. Mahalla xalqning fikri degani, xalqning istagi degani. Buning uchun huquqiy asos yaratdik. Fargʻona viloyatida 1062 ta mahalla bor. Hokimdan tortib mahalla raisigacha birlashib, tegishli tashkilotlarni jalb etib, odamlarning ogʻirini yengil qilishi kerak. Fargʻona bu masala boʻyichayam namuna boʻlishi kerak.

Davlatimiz rahbari mahallalarni rivojlantirish, ijtimoiy masalalarni hal etishda tadbirkorlar tayanch ekanini taʼkidladi.

— Tadbirkorlarga sharoit yaratsak, odamlarga nafi tegadi, yoshlarni oʻz ortidan ergashtiradi. Tadbirkorni siylasak, u xalqni siylaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Viloyat tadbirkorlarining 183 ta investitsiya loyihasini moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan qoʻshimcha 23 million dollar yoʻnaltirilishi belgilandi.

Yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosarlari va boshqa mutasaddilar oʻz tizimini quyi boʻgʻinda ishlatish boʻyicha xalqqa hisobot berdi.

Viloyatda 2022-2023 yillarda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida umumiy qiymati 31 trillion soʻm boʻlgan 1 ming 268 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi qayd etildi. Bunda kimyo, qurilish materiallari, toʻqimachilik, elektrotexnika, charm, farmatsevtika tarmoqlari “drayver” boʻladi.

Qishloq xoʻjaligida 653 ta loyiha amalga oshirilib, 23 mingta doimiy ish oʻrni yaratiladi. Oltiariq, Fargʻona va Bagʻdod tumanlarida 1 ming 200 gektarda intensiv bogʻ va uzumzorlar barpo etilib, tashabbuskorlarga 10 yilda boʻlib toʻlash sharti bilan ajratib beriladi.

Shuningdek, uy-joy va yoʻllar qurish, elektr energiyasi va ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, maktab va bogʻchalarni taʼmirlash boʻyicha rejalar maʼlum qilindi.

— Biz Fargʻonadan katta natijalar kutamiz. Bu el tarixdan ilm, tartib, madaniyat, hunarmandlik boʻyicha namuna boʻlgan. Fargʻonaliklar mehnatsevar, ishbilarmon. Bu salohiyatni, ichki imkoniyatlarimizni toʻliq yoʻlga qoʻyib, xalqimizni rozi qilish kerak.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.