Prezident fargʻonalik ziyolilar bilan muloqot qildi

0
227
marta koʻrilgan.

Qoʻqon shahridagi Buyuk allomalar muzeyida Oʻzbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fargʻona viloyati faollari, nuroniylar, ziyolilar bilan muloqoti boʻlib oʻtdi. Unda madaniyat, maʼrifat sohalaridagi oʻzgarishlar, yoshlar taʼlim-tarbiyasi haqida soʻz bordi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Mamlakatimizda milliy qadriyatlarni eʼzozlash va targʻib etish, buyuk allomalar merosini oʻrganishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Baxshichilik va maqom sanʼati boʻyicha xalqaro festivallar oʻtkazilgani bu borada ulkan ahamiyatga ega boʻldi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy markazlari, Mirzo Ulugʻbek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, adiblar nomlari bilan atalgan ijod maktablari tashkil etildi. Prezident maktablari, yangi oliy oʻquv yurtlari yosh avlod uchun yanada keng imkoniyatlar ochdi.

–  Vaqt shiddat bilan oʻtyapti. Har bir soha boʻyicha izlanishda, tinimsiz harakatdamiz. Oʻzgarishlar bor, lekin hali bizni qanoatlantirmaydi, – dedi Prezident.

Faollar butun Fargʻona viloyatida boʻlgani kabi Qoʻqon shahrida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani, Xalqaro hunarmandchilik festivali tufayli shahar yanada obod boʻlib, bu yerga butun dunyodan mehmonlar kelganini mamnuniyat bilan qayd etishdi.

Buyuk allomalar muzeyi ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan. Bu yerga keluvchilar Qoʻqonda yashab, ijod qilgan adib va allomalar hayoti, asarlari haqida maʼlumot oladi. Buyumlar, turli idishlar esa oʻsha davr turmush tarzidan darak beradi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.