Prezident matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev «Dok-1 Maks» preparatini qabul qilish oqibatida bolalar hayotdan koʻz yumgani bilan bogʻliq vaziyatni kechagi yigʻilishda qattiq tanqid qilgan.
«Samarqand va Qashqadaryodagi bolalar oʻlimi sohada ishlar ahvolini, nazorat yoʻqligini koʻrsatdi. Bugun Farmatsevtika agentligi rahbari Qoriyevni ishdan oldim. Bunga yoʻl qoʻygan mutasaddilarning hammasi qonun oldida javob beradi!» — dedi Prezident.
Samarqand va Qashqadaryodagi bolalar shifoxonasida «Dok-1 MAKS» preparati sabab 19 nafar bola vafot etgani haqida maʼlumot tarqalgandi.
Oʻrganishlarga koʻra, Samarqand viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida sentyabr–dekabr oylarida 21 nafar bemor oʻtkir buyrak zararlanishi bilan tekshirilgan, davolangan. Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatidan boʻlgan. 3 nafar bemor sogʻlomlashtirilib uyiga javob berilgan va 18 nafari vafot etgan. Bemorlarning barchasi 6 yoshgacha boʻlgan bolalar. Ularning 15 nafari 3 yoshgacha boʻlgan bolalar.
Bemorlar yaqinlaridan ularning kasallanish sabablari surishtirilganda ularda shamollash alomatlari boʻlgani va davolash maqsadida «Dok-1 MAKS» preparati qabul qilishganidan soʻng ahvoli ogʻirlashganini aytishgan.
Oʻz navbatida, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 5 kun davomida Dok-1 Maks siropini isteʼmol qilib kelgan bola ham vafot etgan. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.
Maʼlumot uchun, Sardor Qoriyev 2019 yil 21 fevraldan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori sifatida ish yuritib kelayotgandi.