Davlatimiz rahbari yigʻilishdan soʻng Andijon shahridagi bunyodkorlik ishlari va yangi loyiha taqdimoti bilan tanishdi.
Dastlab Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markaziga borildi.
Bu bino 1965 yilda qurilgan boʻlib, oxirgi yillarda eskirib, yaroqsiz holga kelib qolgandi. Joriy yilda rekonstruksiya qilinib, mukammal taʼmirlandi. Kitoblar saqlanadigan yertoʻla va maxsus xonalarning osti betonlandi. Uch qavatli bino zamonaviy qiyofa va sharoitga ega boʻldi. Kutubxona 872 ming nusxadan ortiq kitob fondiga ega.
Prezidentimiz markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
– Bu joy Andijon viloyatining maʼnaviyat markazi boʻlishi kerak. Farzandlarimizni oʻqitish — kelajakka investitsiya. Shuning uchun bu yerga yoshlarni koʻproq jalb etish, natijadorlikni oshirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Kutubxona fondini boyitish uchun mablagʻ ajratish, uni maktab va oliy oʻquv yurtlari bilan samarali bogʻlash, bu yerda Andijon tarixi, Bobur, Choʻlpon, Muhammad Yusuf kabi shoirlar ijodi boʻyicha tanlovlar oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.
Axborot-kutubxona markazida 68 nafar xodim va mutaxassis mehnat qilmoqda. Prezidentimiz ularni mahalliy byudjet hisobidan qoʻshimcha ragʻbatlantirish boʻyicha topshiriq berdi.
Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrining Bobur koʻchasida quriladigan koʻprik loyihasi bilan tanishdi.
Bu inshoot Samarqand tajribasi asosida, monolit uslubida qurilishi rejalashtirilgan. U Markaziy temir yoʻl vokzali ustidan oʻtadi va shaharning ikki qismini bogʻlaydi. Koʻprik uzunligi qariyb 700 metr boʻlishi hisob-kitob qilinmoqda.
Uning qurilishi natijasida masofa 5 kilometrga, vaqt sarfi esa 25 foizga qisqarib, Andijon ahlining necha yillik orzu-niyatlari amalga oshadi.
Davlatimiz rahbari loyihani maʼqullab, tegishli mablagʻ ajratish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatma berdi.
Prezidentimiz Andijon tumanidagi “Andijon gullar bogʻi”ni borib koʻrdi.
– Bu ham goʻzallik, ham daromad, ham maʼrifat, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bunday bogʻlarni har bir tumanda tashkil etib, ayollarga gul yetishtirishni oʻrgatish kerak. Bu orqali «ayollar daftari»ga kirgan xotin-qizlarni ishli, daromadli qilish mumkin.
Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Andijon viloyatiga tashrifi yakunlandi.