Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Xastimom mahallasida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu yerda 1 ming 500 nafardan ziyod aholi yashaydi. Ularning koʻpchiligi hunarmandchilik va savdo bilan shugʻullanadi.
Davlatimiz rahbari xonadonlardagi sharoitlarni kirib koʻrdi, aholi vakillari bilan suhbatlashdi. Nuroniylar mahalladagi turmush tarzi, yoshlarning kasb-kori haqida soʻzlab berishdi. Yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarga fayzu baraka tilab duo qilindi.
Maʼlumki, mamlakatimizning barcha hududlarida “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari amalga oshirilmoqda. Yoʻllar, muhandislik tarmoqlari taʼmirlanib, xonadonlarga fayz kirmoqda. Bu mahallani ham “Obod xonadon” dasturi asosida yaxshilash koʻzda tutilmoqda.
– Har bir insonga munosib sharoit yaratish maqsadimiz va burchimiz, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari uylarda tashkil etilgan hunarmandlik ustaxonalari va mahalladagi kichik koʻrgazmani koʻzdan kechirdi. Oʻzini oʻzi band qilishni kengaytirish, turistlar uchun savdo va xizmatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.