Prezident “Huawei” kompaniyasining Innovatsiyalar markazida boʻldi

0
127
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro forumidagi ishtiroki doirasida 25 aprel kuni “Huawei” kompaniyasining Tadqiqotlar va innovatsiyalar markaziga tashrif buyurdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.   
 
“Huawei Technologies” raqamlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biridir. Innovatsion axborot mahsulotlari va yechimlari, maʼlumot uzatish tizimlari, optik qurilmalar, routerlar, tarmoq uskunalari, maʼlumot markazlari, isteʼmolchilar uchun smartfonlar, planshetlar, kompyuterlar, maishiy elektr jihozlari ishlab chiqarish kompaniya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi. 
 
Oʻzbekistonda “Huawei” kompaniyasi bilan birgalikda telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish, mobil aloqa operatorlari va  provayderlari tarmoqlarini rivojlantirish, optik tolali aloqa liniyalari yordamida yuqori tezlikda maʼlumotlar uzatish texnologiyalarini ishga tushirish boʻyicha muhim loyihalar amalga oshirilgan.  
   
Prezident Shavkat Mirziyoyev dastlab “Huawei” kompaniyasining eng soʻnggi texnologik yechimlari va mahsulotlari namunalari bilan tanishdi.

Kompaniya asoschisi Jen Chjenfey bilan mamlakatimizda “Xavfsiz shahar”, “Elektron hukumat” va shoshilinch tibbiy yordam xizmatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimiz kompaniyaning sunʼiy intellektga asoslangan texnologik yechimlariga yuqori baho berdi.

Davlatimiz rahbari kompaniya bilan hamkorlikda mamlakatimizda amalga oshirilgan loyihalar, mutaxassislarni tayyorlash masalalari bilan qiziqdi. 

– Yangi texnologiyalarni jalb etishdan oldin ularni ishlatuvchi mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish juda muhim. Kompaniya bilan avvalo ushbu yoʻnalish boʻyicha hamkorlik qilish, mamlakatimizda 5G texnologiyasini joriy etishni tezlashtirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuv yakunida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.