Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabrdagi Murojaatnomasida islohotlar samarasini har bir inson oʻz hayotida his etishi uchun hujjatlar ijrosini oʻz vaqtida va samarali taʼminlash lozimligini taʼkidlagan edi. Shu bois Adliya vazirligiga qabul qilingan hujjatlarni masʼullarga yetkazish, amaliyotda qoʻllashga koʻmaklashish va nazorat qilish boʻyicha yangi tizim joriy etish vazifasi topshirilgan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Prezident huzurida oʻtkazilgan yigʻilishda amaldagi holat tahlili va ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib, samarali ijro tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, soʻnggi 4 yilda 2 mingga yaqin farmon va qarorlar qabul qilingan. Lekin hudud va tashkilotlarda ularning bajarilishi qoniqarli emas.
Koronavirus pandemiyasi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari qator yoʻnalishlarda muammolar borligini koʻrsatdi. Oliy taʼlim, transport, suv xoʻjaligi, davlat mulkini boshqarish sohalaridagi islohotlar kutilgan natijani bermayapti. Shu sababli mazkur sohalar rahbarlari ishdan olindi. Yana bir qator vazir va vazir oʻrinbosarlari faoliyati qoniqarsiz deb topilib, ularga intizomiy jazo qoʻllanildi.
– Ijro tizimidagi eng katta muammo – dunyoqarash oʻzgarmayotgani, bilimsizlik va masʼuliyatsizlik, – dedi davlatimiz rahbari.
Yigʻilishda 4 bosqichli samarali ijro tizimini tashkil etish choralari muhokama qilindi. Bular ijroni loyiha bosqichida rejalashtirish, ijroni tashkil etish va koʻmaklashish, ijroni baholash, ijroni nazorat qilishdir.
Hujjatlarni amaliyotda qoʻllashga koʻmaklashish maqsadida adliya vaziri oʻrinbosarlari markaziy idoralarga biriktiriladi. Oʻrta va quyi boʻgʻin xodimlarini har bir sohaga oid qaror boʻyicha oʻqitish tashkil etiladi. Adliya vazirligi viloyat boshqarmalari, shahar va tuman boʻlimlari boshliqlari esa qarorlarni tadbirkor va fuqarolarga tushuntirishga masʼul boʻladi.
Prezidentimiz qabul qilinayotgan hujjatlar xalq manfaatiga qaratilganini, shuning uchun ularning mazmunini aholiga yetkazish zarurligini taʼkidladi.
Hujjatlarning nafaqat ijrosi, balki natijadorligiga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Misol uchun, 2020 yil 1 mayda yerosti suvi zaxirasi bor joylarda davlat hisobidan quduq qazib, ularni aholiga imtiyozli shartlarda berish boʻyicha qaror qabul qilingan edi. Bu maqsadlarga Inqirozga qarshi jamgʻarmadan ajratilgan 300 milliard soʻm hisobiga 95 ming gektar yer foydalanishga kiritildi, 70 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.
Mutasaddilarga joylarga chiqib, qarorlar ijrosi yuzasidan manzilli va tematik oʻrganishlar oʻtkazish boʻyicha topshiriq berildi. Bunda qonunchilikdagi kamchiliklardan tortib, investitsiya loyihalari ahvoligacha barcha masalalar kompleks oʻrganiladi, muammolar boʻlsa aniqlanib, ularni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
Qarorlar ijrosini nazorat qilishning eng unumli vositasi – jamoatchilik ishtiroki va nazorati. Shu bois, “jamoatchilik eshituvlari”, “jamoatchilik monitoringi” tizimini joriy qilish, bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarni faol jalb etish muhimligi taʼkidlandi. Jismoniy va yuridik shaxslarga Prezident hujjatlari ijrosi yuzasidan murojaat qilish imkonini beradigan mobil ilova ishga tushirilishi belgilandi.
Adliya vazirligiga Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Ijtimoiy fikr” markazi bilan birga aholi oʻrtasida ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish, qarorlar ijrosi va bunga xalqning munosabatini oʻrganish vazifasi qoʻyildi. Bu maqsadlar uchun alohida grantlar joriy qilinadi.
Shuningdek, davlat idoralari tomonidan qarorlar ijrosi yuzasidan matbuot anjumanlari tashkil qilib boriladi. Bajarilmagan ishlarni tanqidiy muhokama qilish bilan birga, ijrosi samarali boʻlgan qarorlar boʻyicha ijobiy tajribalar ham yoritiladi.
Barcha tahlillar, axborotlar Vazirlar Mahkamasi Rayosatida tanqidiy koʻrib chiqilib, tegishli choralar belgilanadi.