Prezident iftorlikda ishtirok etdi

0
126
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 mart kuni butun mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilgan iftorlikda ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Xalqimiz hayoti va maʼnaviyatida Islom dinining oʻrni beqiyos. Yurtimiz musulmonlari muqaddas aqidalarga amal qilib, ezgu anʼanalarni davom ettirib kelmoqda.

Bu yil ham elimiz maʼnaviy poklik, xayru saxovat ayyomi boʻlgan Ramazon oyini katta xursandchilik bilan kutib oldi. Masjidlarda Qurʼoni karim xatm qilinib, yurtimizga fayzu baraka yogʻmoqda. Jamiyatimizda doʻstlik-birodarlik, mehr va saxovat tuygʻulari kuchaymoqda. Odamlar bir-biriga yanada mehr-oqibatli boʻlib, bemorlar va keksalar, yordamga muhtoj insonlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish tobora kengaymoqda.

Bugungi muborak oqshomda yurtimizning barcha hududlarida, viloyat, shahar va tumanlardagi hamma mahallalarda iftorlik dasturxonlari yozildi. Namangan viloyatidagi ehsonga Fargʻona va Andijon viloyati nuroniylari ham tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz musulmonlarini Ramazon oyi bilan yana bir bor tabrikladi.

– Bugun barchamiz – muhtaram ulamolarimiz va nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz vakillari birgalikda iftor qilmoqdamiz. Yagona, ahil oila boʻlib yashayotgan koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi bugun goʻyoki bir dasturxon atrofida jam boʻlib oʻtiribdi. Oʻylaymanki, bu savobli tadbir inson qadrini ulugʻlashga, oʻsib kelayotgan yoshlarimizni mana shunday olijanob ruhda tarbiyalashga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bu ishlarga hissa qoʻshayotgan iymon-diyonatli, saxovatli yurtdoshlarimizga tashakkur aytdi.

Chindan ham, xalqimiz azal-azaldan bir-biriga tayanch boʻlib, mehr-muruvvat koʻrsatib yashashni odamiylikning oliy mezoni deb biladi. Ayni shu olijanob fazilatlar bizlarni doimo yagona xalq, yagona millat etib birlashtiradi, hayot sinovlari va qiyinchiliklarini yengib oʻtishda beqiyos kuch-quvvat beradi.

Keyingi yillarda xorijda oʻqiyotgan va ishlayotgan vatandoshlarimizga ham munosabat oʻzgardi. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ularni Vatanimizga qaytarish, ish oʻrni va daromad manbai bilan taʼminlash, oila aʼzolari va farzandlarini ijtimoiy himoyalash yuzasidan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda 40 dan ziyod ulamolar Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Misrga safarga yuborildi. U yerlardagi vatandoshlarimizni dinu diyonatga daʼvat etish bilan birga, hozirgi tahlikali vaziyatda ogoh boʻlib, qonunlarni hurmat qilish, yomon yoʻllarga kirmaslik zarurligi haqida suhbatlar qilishdi.

Davlatimiz rahbari chet eldagi yurtdoshlarimizni ham ulugʻ ayyom bilan tabriklab, ularga sogʻliq-omonlik va omad tiladi.

Maʼlumki, yangilangan Konstitutsiyamizda “Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” degan muhim qoida belgilab qoʻyilgan. Shu asosda mamlakatimizda mutlaqo yangi ijtimoiy himoya tizimi shakllanmoqda. Bu tizim birinchi navbatda ehtiyojmand kishilarga, jumladan, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, yetim qolgan, oʻzgalar parvarishiga  muhtoj insonlarga har tomonlama eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatishga qaratilgan.

Bu haqda soʻzlar ekan, Shavkat Mirziyoyev Alisher Navoiy bobomizning “Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay, oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay” degan hikmatini yodga oldi.

Bunday qarash muqaddas dinimizning asl insoniy mohiyati bilan hamohangdir. Haqiqatan ham, chinakam musulmon oʻziga ravo koʻrgan narsani boshqalarga ham ravo koʻradi.

Mamlakatimizda xalq farovonligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirishga saʼy-harakatlar mohiyati aytib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida eng ezgu tilaklarini bildirdi.

– Muborak Ramazon oyi sharofati bilan yurtimizda, jami musulmon oʻlkalarda, butun dunyoda tinchlik, barqarorlik hukm sursin, odamlar, xalqlar oʻrtasida doʻst-birodarlik, oʻzaro hurmat tuygʻulari ustuvor boʻlsin. Kuchlilar – ojizlarga tayanch, saxovatpeshalar – muhtojlarga yordamchi, yoshlar – qariyalarga gʻamxoʻr boʻlsin. Dinimizda belgilab berilgan toʻgʻri yoʻldan ogʻishmaylik, ayni paytda zamon bilan hamnafas yashaylik. Yoshlarimiz bilimlari bilan jahonga tanilib, yurtimiz dovrugʻini yuksaklarga koʻtarishsin. Oʻzbekiston dunyoning eng oldi, eng ilgʻor davlatlaridan biriga aylansin. Tutgan roʻzalarimiz, duolarimiz dargohida qabul boʻlsin, – dedi Prezidentimiz.

Qurʼon oyatlari tilovat etilib, Alloh taolodan xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.