Prezident ilk bor Parlamentga murojaatnoma taqdim etdi

0
127
marta koʻrilgan.

Bugun poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar bermoqda prezident. uz  saytida.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis va hukumat aʼzolari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillari, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, videokonferensiya aloqa tizimi orqali tuman, shahar va viloyatlardagi mahalliy kengashlarga saylangan xalq noiblari hamda barcha boʻgʻindagi ijro hokimiyati va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillari, Oʻzbekistonning 33 mamlakatdagi diplomatlari ishtirok etdi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba Prezidentning parlamentga 2017 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va Oʻzbekiston Respublikasini 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Murojaatnomasi taqdim etildi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, koʻplab taraqqiy topgan mamlakatlarda davlat rahbarining milliy parlament aʼzolari huzurida eng asosiy va dolzarb siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar va jamiyatni demokratik rivojlantirish boʻyicha Murojaatnoma bilan chiqish tajribasi mavjud.

Davlat boshqaruvining bunday demokratik usuli, bugun Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, avvalambor, xalq bilan muloqot prinsipiga gʻoyat uygʻun va hamohang boʻlib, har birimizning ish faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning dastlabki natijalari aholining hayoti va kundalik turmushida oʻzining yaqqol ifodasini topmoqda, odamlarning ijtimoiy faolligi, ertangi kunga ishonchi oʻsib bormoqda.

2017 yilda iqtisodiyot sohasida zamon talablariga javob beradigan, yangicha maʼno-mazmundagi va samarali islohotlarni amalga oshirish yoʻlida birinchi qadamlar qoʻyildi. Jumladan, qisqa muddatda 161 ta yirik sanoat obyekti ishga tushirildi. Bu kelasi yil qoʻshimcha 1,5 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.

Milliy valyutamizning erkin konvertatsiyasi yoʻlga qoʻyildi. 336 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari tashkil etildi.

Ijtimoiy sohani isloh qilish boʻyicha qabul qilingan dasturlar ijrosi ham bosqichma-bosqich taʼminlanmoqda. Joriy yilda imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joylar qurish loyihasi amalga oshirila boshladi. Shahar va qishloqlarimizda jami 3,5 million kvadrat metrdan ziyod namunaviy uylar va koʻp qavatli uy-joylar barpo etildi.

12 ta umumtaʼlim maktabi yangidan barpo etildi, 320 tasi rekonstruksiya qilindi, 152 ta maktab kapital taʼmirlandi. 107 ta maktabgacha taʼlim muassasasi rekonstruksiya qilindi va qurildi, 195 ta bogʻcha kapital taʼmirlandi. Maktabgacha taʼlim tizimining jamiyatimiz hayotidagi katta oʻrni va ahamiyatini eʼtiborga olib, Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. 11 yillik taʼlim qayta tiklandi.

Yangi tashkil etilgan institut va filiallar hisobidan yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalari soni 81 taga, hududlardagi filiallar 15 taga, xorijiy universitetlar filiallari 7 taga yetdi. Oliy taʼlim muassasalarida iqtisodiyotning real sektoridagi talab va ehtiyojdan kelib chiqib, sirtqi va kechki boʻlimlar ochildi.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tizimi takomillashtirildi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, uning tarkibida bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar faoliyati tiklandi.

Ijodiy uyushmalarning ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni va nufuzini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi, shuningdek, madaniyat va sanʼat muassasalari hamda yirik kompaniya va banklar hamkorligida “Doʻstlar klublari” tashkil etildi.

2017 yil jismoniy tarbiya va sport sohasi boʻyicha ham katta ishlar qilindi. Yakuniga yetib borayotgan yilda oʻzbekistonlik sportchilar boks, dzyudo, taekvando, ogʻir atletika, erkin kurash, sambo boʻyicha oʻtkazilgan turli xalqaro musobaqalarda salmoqli yutuqlarga erishdilar. 2017 yil ayniqsa oʻzbek milliy kurashi tarixida yorqin sahifa boʻldi. Sentyabr oyida Turkmanistonda boʻlib oʻtgan Osiyo olimpiya kengashi bosh assambleyasi yigʻilishida ushbu milliy sport turini Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritish haqida qaror qabul qilindi.

Oʻtgan davr mobaynida tashqi siyosat sohasida xorijiy davlatlar, birinchi navbatda, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishildi. Joriy yilda 21 ta oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, 60 dan ziyod davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Natijada 400 dan ortiq bitim va kelishuvlarga erishildi, qariyb 60 milliard AQSH dollari hajmidagi savdo va sarmoyaviy shartnomalar imzolandi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari 2018 yilga yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili, deb nom berishni taklif etdi. Qatnashchilar bu takliflarni olqishlar bilan qoʻllab-quvvatladi.

Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilda Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarga batafsil toʻxtalib oʻtdi.

Faol tadbirkorlik biznes faoliyatini innovatsion, yaʼni, zamonaviy yondashuvlar, ilgʻor texnologiya va boshqaruv usullari asosida tashkil etadigan iqtisodiy yoʻnalishdir. Faol tadbirkor, deganda, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga qodir, eng muhimi, yangi ish oʻrinlari yaratib, nafaqat oʻzini va oilasini boqadigan, balki butun jamiyatga naf keltiradigan ishbilarmon insonlar tushuniladi.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, bugun biz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yoʻliga oʻtmoqdamiz. Bu bejiz emas, albatta. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda yangi fikr, yangi gʻoyaga, innovatsiyaga tayangan davlat yutadi.

Shu maʼnoda, yangi tashkil qilingan Innovatsion rivojlanish vazirligi nafaqat iqtisodiyot sohasida, balki butun jamiyat hayotida eng muhim loyihalarni amalga oshirishda oʻziga xos lokomotiv rolini bajarishi kerak.

Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari haqida soʻz borar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev “Davlat xizmati toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqish vaqti kelganini taʼkidladi.

Islohotlar samarasini oshirishda parlament, deputat va senatorlar alohida oʻrin tutishi kerak. Lekin amalda ularda faollik va tashabbuskorlik yetishmayapti. Yil davomida bildirilgan 136 ta qonunchilik tashabbusidan bor-yoʻgʻi 27 tasi deputatlarga tegishli boʻlib, ular ham asosan amaldagi qonunlarga Prezidentning farmon va qarorlaridan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalardir. Parlament faoliyati esa koʻp hollarda shunchaki rasmiy yigʻilishlardan iborat boʻlib qolmoqda. Xususan, bugungi kunda sogʻliqni saqlash tizimida talay kamchiliklar mavjud. Qonunchilik palatasi tizimdagi muammolarni, ayniqsa, joylarda hal etishga qaratsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Davlatimiz rahbari aytganidek, kerak boʻlsa, Qonunchilik palatasida Sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha alohida qoʻmita tashkil etib, uning aʼzolari asosan hududlarda faoliyat koʻrsatsa, nur ustiga nur boʻlardi.

Oliy Majlis rahbariyati qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Internet tarmogʻida maxsus “maydon”lar yaratishi zarur. Shu munosabat bilan har bir fuqaro davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar boʻyicha oʻz fikrini bildirishi uchun Internet tarmogʻida “Mening fikrim” deb nomlangan maxsus veb-sahifa tashkil etish maqsadga muvofiq. Prezident Shavkat Mirziyoyev demokratiyaning ilgʻor mexanizmi sifatida jamoa boʻlib elektron murojaat kiritish tartibini tatbiq qilish ham zarurligini taʼkidladi.

Davlat organlari faoliyatini rejalashtirish, samaradorligini oshirish hamon dolzarb masala boʻlib turibdi. Bugun birorta idoraning oʻtgan davrdagi faoliyatini xolisona baholash imkonini beradigan aniq mezon yoʻq. Shuning uchun vazirlik va idoralar, barcha darajadagi hokimliklar prognoz koʻrsatkichlarni belgilashda oʻz faoliyatida kutilayotgan natijalarning aniq miqdor va sifat koʻrsatkichlarini belgilab olishi lozim. Davlat boshqaruv organlari va Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlikda ish olib borish boʻyicha prinsip va mexanizmlarni qayta koʻrib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Eng ogʻir muammolardan biri – davlatning funksiya va vakolatlari haddan tashqari markazlashib ketganidir. Masalan, hozirgi vaqtda 64 ta litsenziya turi mavjud boʻlsa, shundan 21 tasi Vazirlar Mahkamasi va 40 tasi markaziy idoralar tomonidan beriladi. Bu litsenziyalarning uchtasi viloyat hokimliklari va faqatgina bittasi tuman hokimliklari vakolatiga tegishlidir. Shundan kelib chiqish, Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvini haddan tashqari markazlashtirishdan voz kechish zarurligini taʼkidladi. Buning uchun koʻpgina vakolatlarni markaziy davlat organlaridan hududiy organlarga oʻtkazish kerak.

Erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirayotgan islohotlarda nodavlat notijorat tashkilotlarining alohida oʻrni bor. Ammo aholining muammolarini tizimli oʻrganish, ularni aniq hal etish, ayniqsa, ijtimoiy sharoiti ogʻir ayollarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularni ish bilan taʼminlash masalalarida bu tashkilotlarning ishtiroki yetarli darajada sezilmayapti. Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashini tuzish, “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.

Jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim va taʼsirchan omil hisoblanadi. Shu munosabat bilan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universitetini tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish toʻgʻrisida soʻz yuritib, Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashish komissiyasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Bu komissiya odamlardan kelib tushayotgan murojaatlar, xalq bilan bevosita uchrashuv va muloqot jarayonida koʻtarilayotgan masalalarni umumlashtirishi, parlament soʻrovi orqali haqqoniy vaziyatni tahlil qilishi, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi bilan birga muammolarni hal etish choralarini koʻrishi lozim.

Shuningdek, yuksak professional darajada faoliyat yuritadigan malakali sudyalarni tayyorlashga xizmat qiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasini tashkil etish kerakligi qayd qilindi.

Shu maqsadda oʻtgan bir yil mobaynida sud, prokuratura, ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan isloh qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Lekin bu borada qabul qilingan qator hujjatlar hayotga toʻliq tatbiq etilmayapti. Ichki ishlar idoralari hali chinakam “Xalqparvar ichki ishlar idoralari”ga aylangani yoʻq. Prokuratura organlarining esa jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash borasidagi faoliyati yetarli emas. Sud idoralari hali-hamon har qanday holatda adolat qaror topadigan maskanga aylangani yoʻq. Shu sababli bu sohadagi islohotlar kelgusida ham qatʼiy va izchil davom etadi.

Milliy xavfsizlik xizmati idoralari bugungi kungacha 26 yil avval hukumat tasdiqlagan Nizom asosida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Bu hujjat chorak asr davomida oʻzgartirilmagani ushbu idora vakolatlarining asossiz kengayib ketishiga sabab boʻldi. Shu bois, davlatimiz rahbarining fikricha, Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatini ham isloh qilish vaqti keldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar toʻgʻrisida”gi va “Milliy xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishni taklif etdi.

Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yoʻnalishlari haqida soʻz borar ekan, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi boʻyicha Oʻzbekiston dunyo reytingida 187 mamlakat oʻrtasida 134-inchi oʻrinda turishi taʼkidlandi. Vaholanki, yurtimiz boy tabiiy resurslarga, katta iqtisodiy salohiyatga ega. Hamma gap ana shu zaxirani xalq manfaati yoʻlida oqilona va samarali ishlata olishdadir.

Iqtisodiyotda boshqaruv tizimi eskirgani, innovatsion gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha samarali mexanizmlar oʻz vaqtida joriy qilinmagani jiddiy muammo boʻlib qolmoqda. Shuningdek, texnologik qoloqlik, resurs va energiyani tejaydigan texnologiyalar, muqobil energiya manbalarini tatbiq etishning sustligi iqtisodiy taraqqiyot yoʻlida toʻsiq boʻlmoqda.

Shu nuqtai nazardan davlatning innovatsion yangilanish dasturini shakllantirish, innovatsiya va investitsiyalardan samarali foydalanadigan yangi avlod kadrlarini, yangi sarmoyadorlar sinfini tayyorlash oʻta muhim ahamiyatga ega. Buning uchun Oʻzbekistonni texnologik rivojlantirish va ichki bozorni modernizatsiya qilish boʻyicha kuchli milliy gʻoya, milliy dastur kerak.

2018 yil faol tadbirkorlikni rivojlantirish eʼtibor markazida boʻladi. Bu sohani qoʻllab-quvvatlash, biznes subyektlarini jadal va barqaror rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiq va gʻovlarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻriladi.

Ayrim korxonalarga imtiyozlar berilgani erkin raqobat muhiti boʻgʻilishiga olib keldi. Endi bunday amaliyotdan voz kechiladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida teng va halol raqobat muhitini yaratish maqsadida “Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini yanada samarali taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon loyihasi ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Bojxona tartib-taomillarining murakkabligi tadbirkorlikka toʻsqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Jahon bankining hisobotiga koʻra, eksport-import hujjatlarini rasmiylashtirish boʻyicha Oʻzbekiston 190 davlat orasida 175-oʻrinda turadi. Bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun Belgiyada 1 soat kifoya qilsa, Oʻzbekistonda 1 oy muddat sarflanadi. Shu munosabat bilan kelasi yildan boshlab, tadbirkorlik subyektlari uchun bojxona koʻrigida xavf-xatardan ogoh etish tizimi, yaʼni, tadbirkorlar qanchalik halol ekaniga qarab, ularni “yashil” va “qizil” yoʻlaklar orqali oʻtkazish joriy etiladi.

Ayni vaqtda noqonuniy tekshirishlar, xususiy biznes faoliyatiga asossiz aralashishga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish tizimi tubdan qayta koʻrib chiqiladi. Tekshirish oʻtkazishga ruxsat berishning maxsus elektron axborot tizimiga oʻtilib, uning nazorati Bosh prokuraturaga yuklanadi. Barcha tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tekshirish 2 yilga toʻxtatiladi.

Biz boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini oʻzaro sheriklik asosida xususiy sektorga oʻtkazish boʻyicha ishlar davom ettiriladi. Internet tarmogʻida elektron savdolar va auksionlar orqali yer uchastkalarini, jumladan, tadbirkorlar uchun ajratishning yagona tartibi oʻrnatilib, 2018 yildan elektron savdo maydonlari orqali davlat aktivlarini sotish boʻyicha elektron tizim tashkil etiladi.

Iqtisodiyotni rivojlantirishda puxta va barqaror bank-moliya tizimi ulkan ahamiyatga ega. 2018 yilda bank tizimi faoliyatini rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishda banklar bilan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida samarali va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Oʻzbekistonda xalqaro standartlar asosida valyutani liberallashtirish jarayoni boshlandi. Valyuta siyosati biznes va iqtisodiyotni rivojlantirish manfaatlariga toʻliq xizmat qilishi, investitsiya faoliyatiga ijobiy turtki berishi lozim.

2018 yilda soliq siyosatini amalga oshirishda keskin chora-tadbirlardan voz kechiladi. Chunki islohotlar davrida davlat tizimining uzluksiz faoliyat koʻrsatishi uchun byudjet barqaror boʻlishi kerak.

Oʻzbekistonda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish niyatida boʻlgan investorlar uchun mamlakatimizni jozibali qilish maqsadida soliq tizimi takomillashtiriladi. Barcha biznes toifalari uchun soliq yukini kamaytirish va qulaylashtirish, shu asosda ishlab chiqarishni va soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish zarur. Soliq imtiyozlari berishda individual yondashuvlardan voz kechib, ularni faqat iqtisodiyotning maʼlum tarmoqlari uchun qoʻllash amaliyotiga oʻtiladi.

Davlatimiz rahbari aytganidek, byudjet tizimini qayta koʻrib chiqish, byudjet daromadlari va xarajatlari ochiq va oshkora boʻlishi taʼminlash lozim.

Tashqi iqtisodiy sohada hali ishga solinmagan katta imkoniyat va zaxiralar mavjud. Bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlari va yirik sheriklar – Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, AQSH, Turkiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish davom ettiriladi. Kelasi yilda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralarni qayta boshlanadi. Asosiy maqsad – tashqi bozorga sifatli va sertifikatlangan mahsulotlarni “oʻzbek brendi” nomi bilan olib chiqishdan iborat.

Hozirgi kunda milliy iqtisodiyotga yuqori daromad keltiradigan istiqbolli tarmoqlardan biri – bu turizmdir. Bu sohaga jahon brendlarini faol jalb etgan holda, ziyorat turizmi, ekologik, maʼrifiy, etnografik, gastronomik turizm va bu sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotimizdagi yetakchi tarmoq – qishloq xoʻjaligi sohasidagi eng muhim vazifalarga toʻxtalib oʻtdi. Yurtimizda 51 foizdan ziyod aholi qishloq joylarda yashaydi. Biroq qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 17 foizdan oshmaydi. Agrar soha mahsulotlarini qayta ishlash hajmi esa 10 foizga yetmaydi. Shu munosabat bilan qishloq xoʻjaligini yanada isloh qilish boʻyicha kompleks dastur ishlab chiqish lozim.

Hududlarni jadal iqtisodiy rivojlantirish haqida soʻz borar ekan, bu borada mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, imkoniyat va javobgarligini kengaytirish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Buning uchun Davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini joriy etish konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish kerak.

Qurilish-pudrat tashkilotlari va quruvchilarning zamonaviy avlodini yaratish – dolzarb masalalardan biri. Shu maqsadda qurilish sohasini 2030 yilgacha innovatsion rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtalib, ilgʻor xorijiy tajriba asosida aholining munosib hayot darajasi uchun zarur boʻlgan daromadlarni aniqlash boʻyicha “isteʼmol savatchasi” tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda taʼminlash mexanizmlarini yaratish lozimligini qayd etdi.

Ayni vaqtda aholining real daromadlari, ish haqi, stipendiya, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni bosqichma-bosqich oshirish boʻyicha ham amaliy choralar koʻriladi.

Salomatlikni muhofaza qilish borasida hududlar aholisi uchun qulay boʻlgan, sifatli va zamonaviy tibbiy yordam koʻrsatish, kasalliklarni barvaqt aniqlash boʻyicha boshlangan ishlar izchil davom etadi. Xususiy tibbiyotni jadal rivojlantirish uchun xorijiy investorlarni jalb etish va chet ellik mutaxassislar mamlakatimizda doimiy faoliyat yuritishini taʼminlashga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytiriladi. Yaqin vaqt ichida aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan taʼminlaydigan 2 mingta ijtimoiy dorixona qurib, ishga tushiriladi. 2018 yilda 46 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasi negizida tumanlararo perinatal markazlar tashkil etiladi.

Yosh avlodni har tomonlama sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Shu asosda yangicha yondashuvlar hayotga faol joriy etilmoqda. Endi Oʻzbekiston yoshlari xalqaro assotsiatsiyasi tuziladi. Yoshlar xorijdagi tengdoshlari bilan ilm-fan, madaniyat, tadbirkorlik, sport va boshqa sohalarda faol muloqotda boʻlishi ularning oʻz salohiyatini dunyo miqyosida namoyon etishi uchun katta imkoniyat yaratadi. Shuning uchun kelasi yil Samarqand shahrida Markaziy Osiyo yoshlari forumini oʻtkazish koʻzda tutilmoqda.

Bundan buyon ham ingliz tili va boshqa xorijiy tillarni chuqur oʻqitish masalasiga ustuvor ahamiyat beriladi.

2018 yilda namunaviy va arzon uy-joylar qurish koʻlami joriy yilga nisbatan 1,5 barobar koʻpaytiriladi.

Maʼlum qilinganidek, kelasi yil yangi yoʻllar barpo etish, transport-logistika infratuzilmasini yanada rivojlantirish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish boʻyicha bir qator ishlar rejalashtirilgan.

Madaniy meros obyektlarini ishonchli qoʻriqlash va ulardan oqilona foydalanish tizimini takomillashtirish maqsadida Arxeologik tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash va arxeologik topilmalarni saqlash dasturi ham qabul qilinadi.

Jismoniy tarbiya va sport sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarida sidqidildan xizmat qilayotgan yurtdoshlarimizni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash ishlari izchil davom etiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Dunyodagi tahlikali vaziyatni hisobga olgan holda, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashni har tomonlama kuchaytirish shart. Bu – zamon talabi. Avvalo, shu yoʻnalishda shakllangan tizim samaradorligini yanada oshirish, ayniqsa, diniy masalalar bilan bevosita shugʻullanadigan hokim oʻrinbosarlari, mutasaddi tashkilotlar masʼuliyatini yanada kuchaytirish zarur. Xususan, mahalla raislari, profilaktika inspektorlari, imom-xatiblar, diniy-axloqiy masalalar boʻyicha maslahatchilar, yoshlar, xotin-qizlar tashkilotlari faollari birgalikda ish olib borishi lozim.

Axborot resurslari orqali tarqatilayotgan buzgʻunchi gʻoyalarning oldini olish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlari tarkibida alohida boʻlinmalar tashkil etiladi.

Jamiyatimizda diniy konfessiyalar oʻrtasida hamjihatlik va fuqarolar totuvligini mustahkamlash bundan buyon ham eng dolzarb vazifalardan boʻlib qoladi.

Oʻtgan qisqa davrda milliy armiyamizni isloh qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlar qabul qilinib, Qurolli Kuchlarimiz qiyofasini tubdan oʻzgartirish jarayoni boshlandi. Harbiy sohadagi islohotlar samarasini oshirish maqsadida Mudofaa doktrinasi yangidan qabul qilinadi. Ushbu doktrina Oʻzbekiston tashqi siyosatining ochiqlik tamoyilini, yaqin qoʻshnilar bilan doʻstona va amaliy munosabatlarni rivojlantirishni ifoda etadi.

Ayni paytda mudofaa sohasida bajarilishi lozim boʻlgan muhim vazifalar bor. Avvalo, Milliy xavfsizlik konsepsiyasi hamda Mudofaa doktrinasining samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha koʻp ish qilish kerak. Xususan, Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan taʼminlash uchun Mudofaa-sanoat kompleksini shakllantirish va rivojlantirish davlat dasturini qabul qilish zarur.

Mamlakatimizda qabul qilingan Harakatlar strategiyasiga muvofiq Oʻzbekiston tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar, avvalo, qoʻshni mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirish siyosatini izchil davom ettiradi. Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya institutlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda tuzilgan shartnoma va kelishuvlar oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishi uchun barcha zarur chora-tadbirlar koʻriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan taqdim etilgan Murojaatnomada bayon qilingan reja va loyihalar, hech shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimiz farovonligini yangi, yanada yuksak bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

Bu maqsadlarni toʻliq va samarali amalga oshirish uchun tegishli huquqiy asos va mexanizmlarni yaratish zarur. Shu munosabat bilan Bosh vazir, Prezidentning Davlat maslahatchilari barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlari bilan birgalikda Murojaatnomadan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarni soʻzsiz amalga oshirishga doir kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlashni taʼminlash vazifasi topshirildi.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.