Prezident Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qurilishi bilan tanishdi

0
166
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 noyabr kuni Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi. 

Oʻtganlar xotirasi yod etilib, Qurʼon tilovat qilindi. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ushbu majmua qoshida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi barpo etilmoqda , -deya xabar beriladi prezident.uz saytida. 

Prezidentimiz Imom Buxoriy majmuasi, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va hududda joylashadigan boshqa infratuzilma inshootlari konsepsiyasi bilan tanishdi. 

Majmua hududida choyxona, savdo shoxobchalari, favvora va boshqa zarur obyektlar qurish rejalashtirilgan. Ikki yon tomonda landshaft dizayni asosida mahalliy sharoitga mos butazor va gulzorlar tashkil etish moʻljallangan. 

Davlatimiz rahbari markaz konsepsiyasida ziyoratchilarga qulayliklar yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. 

Ushbu markaz hajga otlangan ziyoratchilar kelib, buyuk allomalarimiz merosidan bahramand boʻladigan ilmiy-maʼrifiy maskan boʻlishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning uchun ziyoratchilarga hamma qulayliklarni yaratish, xususiy mehmonxonalar barpo etish lozim. Bu yerga ziyoratga kelgan odamlarning ibodat qilishi bilan birga, hadis ilmini oʻrganishi uchun ham barcha sharoit yaratiladi. Loyihani amalga oshirishda buni alohida hisobga olish zarur. Kelajakda ushbu markaz muqaddas dinimizni, ajdodlarimizning hadisshunoslik rivojiga qoʻshgan benazir hissasini targʻib qiladigan maskan boʻlishi lozim. 

Prezidentimizning 2017 yil 27 martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq bugungi kunda mazkur markaz qurilishi jadal davom etmoqda. 6 gektar maydonni egallagan hududda hadisshunoslik oliy maktabi ham barpo etilmoqda. Markaz binosida hadis, kalom va qiroat ilmini oʻrganishga moʻljallangan xonalar, qoʻlyozmalar kutubxonasi, muzey tashkil etiladi. 

Davlatimiz rahbari markaz qurilishini zamonaviy va milliy meʼmorlik anʼanalarini uygʻunlashtirgan holda amalga oshirish, bunyodkorlik ishlarida sifatli qurilish materiallaridan foydalanish, hududda ziyorat turizmini keng yoʻlga qoʻyish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga tavsiyalar berdi. 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.