Prezident Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid loyihalar bilan tanishdi.
Tumanning Oqlon mahallasida boʻsh turgan joyda texnopark tashkil etish loyihasi ulardan biri. Tijorat banklari ishtirokida bu yerda toʻqimachlik mahsulotlari, tayyor kiyim-kechak va sport tovarlari ishlab chiqaradigan korxonalar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu mahalladagi xotin-qizlar va tuman yoshlarini ish bilan taʼminlashda muhim omil boʻladi.
Shu yerda yengil sanoat tarmogʻiga investitsiyalar jalb etish, zamonaviy uy-joylar qurish, tibbiy diagnostika markazi va maktabgacha taʼlim muassasalari tashkil etish, asalni qayta ishlash va qadoqlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha rejalashtirilgan loyihalar namoyish etildi.
Davlatimiz rahbari sanoatni innovatsion rivojlantirish, xorijiy tajribani oʻrganib, mahsuldorlik va raqobatdoshlikni oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Tadbirkorlarning innovatsion loyihalarini qoʻllab-quvvatladi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.