Prezident Shavkat Mirziyoyev “Gʻijduvon ipak tola” korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda bu tarmoqda ham klaster tizimi joriy etildi. Jumladan, 74 ta pilla-ipakchilik klasteri va 11 ta urugʻchilik korxonasi tashkil qilindi. Tut maydonlari 40 ming gektardan 55 ming gektarga kengaydi. Bularning natijasida pilla yetishtirish hajmi 2,5 barobar, ipak mahsuloti eksporti 3 barobar koʻpaydi.
“Gʻijduvon ipak tola”da ham klaster tizimi yoʻlga qoʻyilib, yiliga 48 tonna xom ipak va 28 tonna ipak momigʻi ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Unga Gʻijduvon va Shofirkon tumanlari biriktirilgan boʻlib, ozuqa bazasi uchun oʻtgan yili 2 million 300 ming tup tut koʻchatlari ekilgan. Ikki tumanda 28 ming nafar aholi ish bilan taʼminlangan.
Korxonada pilla xomashyosi toʻliq qayta ishlanadi. Bu yil ikki marta hosil olinib, 842 tonna pilla xomashyosi yetishtirildi.
Bu 104 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarish hamda 4 million dollardan ziyod eksport qilish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari pilla qurtxonasi va hosilini koʻzdan kechirdi. Pilla genetikasini rivojlantirib, sifat toifasini oshirish, klasterlar faoliyatiga ilmni olib kirish zarurligini taʼkidladi. Namunali klasterlarda boshqa pillakorlarni oʻqitib, ilgʻor texnologiyalarni ommalashtirish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga joʻnab ketdi.