Prezident: Jamiyatda oʻqituvchi kasbi eng nufuzli va obroʻli kasb boʻlishi lozim

0
140
marta koʻrilgan.

Prezidentimiz taklifi bilan 2021 yilga deb nom berildi. Ushbu taklif jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

– 2021 yil nomida belgilangan sohalarni tubdan isloh qilish va yanada rivojlantirish boʻyicha quyidagi keng koʻlamli ishlarni amalga oshirishimiz lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birinchidan, bola dunyoga kelganidan boshlab, unda aynan maktabgacha boʻlgan yoshda aqliy faollik oshadi, axloqiy-estetik va jismoniy xislatlar shakllanadi.

Shu bois ham, kelgusi yillarda maktabgacha taʼlim sohasini rivojlantirish borasidagi strategik maqsadimiz – ijtimoiy ahvolidan qatʼi nazar, bogʻcha yoshidagi har bir bolani ushbu taʼlim yoʻnalishi bilan toʻliq qamrab olish uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat.

Kelgusi yil yakuni bilan maktabgacha taʼlim qamrovini 65 foizga, 2023 yil oxirida esa 75 foizga yetkazishimiz kerak. Bu ishlarga byudjetdan 600 milliard soʻm subsidiya berish hisobidan qoʻshimcha 2 mingta nodavlat bogʻcha tashkil etilib, xususiy sektor ulushi 25 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, 2021 yilda maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan 560 ming nafar 6 yoshli bolalar yoki ularning 82 foizi qamrab olinadi.

Uzoq qishloqlarda maktabgacha taʼlimning muqobil shakllari yanada kengaytiriladi. Bunda YUNISEF hamda Jahon banki bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha taʼlimni uyda berish modeli ham yoʻlga qoʻyiladi.

Ikkinchidan, maktab taʼlimini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish, muallimlarga munosib sharoit yaratish borasidagi islohotlar jadal davom ettiriladi.

Kelgusi yili 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni taʼmirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida byudjetdan 2 trillion soʻm ajratiladi.

Sohada yagona “elektron taʼlim” tizimini joriy etishga kelgusi 2 yilda 250 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Taʼlim sifatini tubdan yaxshilash maqsadida, avvalo, oʻquv dasturlari, oʻqituvchi va domlalar uchun metodik qoʻllanmalarni ilgʻor xalqaro dasturlarga moslashtirish lozim.

Bolalarning tahliliy va kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish uchun ularga sermazmun va tushunarli darsliklar yaratish zarur.

Bu borada kelgusi oʻquv yilida boshlangʻich sinflarda davlat taʼlim standarti oʻrniga, ilgʻor xorijiy tajriba asosida, bolaga ortiqcha yuklama bermaydigan “Milliy oʻquv dasturi” joriy etiladi.

Umumtaʼlim maktablaridagi taʼlim sifati poytaxtda ham, olis qishloqlarda ham yuqori boʻlishi shart. Buning uchun chekka hududlarda maktablarni malakali kadrlar bilan taʼminlash, taʼlim sifatini yaxshilash boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi.

Jumladan, boshqa tumandagi olis maktabga borib, dars beradigan oʻqituvchilar oyligiga 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlasa – 100 foiz ustama haq toʻlanadi.

Shuningdek, hududlarda xususiy maktablar faoliyatini ragʻbatlantirish uchun byudjetdan subsidiyalar ajratiladi.

Yoshlarning iqtidori va salohiyatini toʻgʻri yoʻnaltirishga qaratilgan uzluksiz tizim yaratiladi.

Kelgusi yilda yurtimizda 10 ta Prezident maktabi, kimyo-biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab oʻz faoliyatini boshlaydi.

Iqtidorli oʻgʻil-qizlarimizning yuqori texnologiyalar va zamonaviy bilimlarni chuqur oʻzlashtirishiga keng sharoit yaratish hamda raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida alohida universitet tashkil etamiz. Ushbu oliygohda chet eldagi yetakchi olimlar va professor-oʻqituvchilar jalb qilinib, yoshlarga eng zamonaviy dasturlar asosida taʼlim-tarbiya beriladi.

Bolalarimizning mehnat koʻnikmalarini maktab davridan boshlab shakllantirib borish maqsadida “kasbga oʻrgatish tizimi” joriy etiladi.

Yana bir masala – pedagoglar malakasini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Maʼlumki, muallimlar hozirgi vaqtda eskicha usulda har 5 yilda malaka oshiradi. Bundan buyon ularning, “hayot davomida oʻqish” tamoyili asosida, oʻz malakasini uzluksiz oshirib borishi yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, oʻqituvchilarning oʻz fanini bilishi, pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligidan kelib chiqib, toifa berish mezonlari ham qayta koʻrib chiqiladi.

Yana bir bor takrorlayman, jamiyatda oʻqituvchi kasbi eng nufuzli va obroʻli kasb boʻlishi lozim. Muallimlarimiz bolalarga sifatli taʼlim berish va oʻz ustida ishlashdan boshqa narsa haqida oʻylamasligi uchun davlat barcha sharoitlarni yaratib berishi zarur.

Shu bois, oʻqituvchi, murabbiy va metodistlar mehnatiga munosib haq toʻlash boʻyicha boshlagan ishlarimiz kelgusi yilda ham davom ettiriladi. Buning uchun xalq taʼlimi xodimlarini ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalariga 330  milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Shu bilan birga, 240 mingdan ziyod maktab oʻqituvchilariga sinf rahbarligi uchun ustama toʻlovlar 1,5 barobarga oshirilib, byudjetdan 400 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi.

Uchinchidan, oliy taʼlimning qamrovi va sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Keyingi yildan boshlab, oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshiriladi.

Oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga koʻpaytirib, 2 mingtaga yetkazamiz.

Aʼlo baholarga oʻqiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etiladi.

Shu oʻrinda bir fikrni aytmoqchiman. Hozirgi vaqtda yoshlar eng nufuzli oliygohlarga kirish uchun intiladi, lekin oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida bilimli va iqtidorli yoshlarni jalb qilish boʻyicha raqobat yoʻq. Shu sababli, xususiy oliygohlarga ham kerakli mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha davlat buyurtmasi berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Oliygohlar va taʼlim tizimining quyi boʻgʻinlari oʻrtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litsey oliy oʻquv yurtlari tasarrufiga oʻtkaziladi.

Shuningdek, 187 ta texnikum ham oʻz yoʻnalishi boʻyicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktiriladi.

Nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovatsion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirish, ular bilan kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirishimiz zarur.

Shu munosabat bilan, kelgusi yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yetakchi xorijiy oliy oʻquv yurtlarining magistratura va doktoranturasida oʻqishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshiriladi.

Bu dastur orqali ilk bor bakalavr yoʻnalishida chet ellarga 100 nafar oʻgʻil-qizlarimizni yuboramiz. Keyingi yillardan ularning soni 2-3 barobarga koʻpaytiriladi.

Yangi yilda yurtimizdagi 30 ta yetakchi oliygohga oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi beriladi.

Toʻrtinchidan, mamlakat taraqqiyotining zamini, hech shubhasiz, ilm-fan va innovatsiyalardir.

Kelgusi yilda ilm-fan sohasida oliygohlar va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar soni 4,5 mingtaga yetkaziladi yoki 2017 yilga nisbatan 3 barobarga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan qoʻshimcha 240 milliard soʻm ajratiladi.

Ilgʻor xalqaro amaliyot asosida, dotsent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolati oʻz yoʻnalishi boʻyicha nufuzli boʻlgan oliygohlarning ilmiy kengashlariga oʻtkaziladi.

Joriy yilda ilk bor matematika, kimyo-biologiya va geologiya fanlarini taʼlim va ilmning ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab, ularni kompleks rivojlantirish choralari koʻrildi.

Jumladan, 98 ta ixtisoslashgan maktab hamda Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. Oʻquv dasturlari tubdan qayta koʻrib chiqildi, oʻqituvchilarning ish haqi oshirildi.

Endi keyingi yil uchun ustuvor ilm-fan yoʻnalishlarini belgilab olishimiz kerak.

Agar tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, dunyodagi deyarli barcha kashfiyot va texnologiyalarni yaratishda fizika fani fundamental asos boʻlganini koʻramiz.

Haqiqatan ham, fizika qonuniyatlarini chuqur egallamasdan turib, mashinasozlik, elektrotexnika, Ay-Ti, suv va energiyani tejaydigan texnologiyalar kabi bugun zamon talab qilayotgan sohalarda natijaga erishib boʻlmaydi.

Buyuk mutafakkir shoirimiz Mir Alisher Navoiy oʻz davrida yoshlarga murojaat qilib, “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”, deb yozganlar.

Chindan ham, odamlarga quyoshdek beminnat nur tarqatishni, yaxshilik qilishni istaydigan inson kamolotga intilib, turli ilm va kasb-hunarlarni oʻzlashtirishi lozim.

Hozirgi davrda xorijiy tillarni mukammal oʻrganmasdan turib, buyuk bobomiz aytgan ana shunday marralarga erishib boʻlmaydi, desak, adashmagan boʻlamiz.

Bunday oʻtkir talabga amal qilib, kelgusi yilda fizika va chet tillarini oʻrganishni ustuvor yoʻnalish etib belgilashni taklif etaman.

Shu maqsadda, kelgusi yilda taʼlimning barcha boʻgʻinlarida ushbu fanlarni oʻqitish sifatini tubdan oshirish, ixtisoslashgan maktablar ochish, malakali pedagoglarni jalb etish kabi tizimli ishlar amalga oshiriladi.

Fizika boʻyicha Ahmad Fargʻoniy nomidagi xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi.

Shuningdek, fizika yoʻnalishida ilmiy izlanishlar koʻlami va sifatini oshirish, yosh olimlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Beshinchidan, yoshlar oʻrtasida bandlikni taʼminlash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalasi eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Buning uchun kelgusi yilda professional taʼlim tizimi mehnat bozoridagi talab va xalqaro andozalarga mos yangicha yondashuvlar asosida isloh qilinadi. Bundan buyon ishchi kasblar boʻyicha talab qoʻyishda malaka asosiy oʻringa chiqadi.

Shuning uchun, Hukumat kelgusi yil 1 yanvardan talab yuqori boʻlgan ishchi kasblar boʻyicha fuqarolarning malaka darajasini tasdiqlash tizimini joriy etsin.

Xabaringiz bor, kuni kecha Yoshlar forumidagi uchrashuvimizda yoshlar tadbirkorligi va bandligini taʼminlash uchun 100 million dollar ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qildik.

Bundan tashqari, yoshlarning biznes loyihalarini kreditlash hamda ularni kasb-hunarga oʻqitish uchun 1 trillion soʻm va 50 million dollar ajratiladi.

Oltinchidan, ehtiyojmand oilalarning farzandlari, chin yetim, nogironligi boʻlgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat koʻrsatish boʻyicha yangi tizim joriy etiladi.

Hozirgi kunda respublikamizda alohida eʼtiborga muhtoj 18 yoshgacha boʻlgan 150 ming nafar farzandlarimiz bor. Ularning taʼlim olishi, aniq bir kasbni egallashi uchun koʻmaklashish, ogʻir kasallikka chalinganlarni davolash, chin yetimlarga hayotda oʻz oʻrnini topishga yordam berish, uy-joy bilan taʼminlash – nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimizdir.

2021 yilda birinchi marta byudjetdan 900 nafar chin yetim yoshlarni uy-joy bilan taʼminlashga 50 milliard soʻm ajratiladi.

Umuman, bunday ezgu ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish uchun Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondini tashkil etib, unga byudjetdan 100 milliard soʻm yoʻnaltirsak, oʻylaymanki, sizlar ham bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlaysiz. Bu mablagʻlar yil davomida koʻpaytirib boriladi.

Bu tashabbus umumxalq harakatiga aylanishi, saxovatpesha hamyurtlarimiz ushbu xayrli ishga munosib hissa qoʻshishiga ishonchim komil.

Oliy Majlis palatalari Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini qonun darajasida mustahkamlab, bu borada faollik koʻrsatgan yurtdoshlarimizni ragʻbatlantirishni ham nazarda tutishi maqsadga muvofiq.

Shuningdek, Bolalar Ombudsmani toʻgʻrisidagi qonunni qabul qilishning ham vaqti-soati keldi.

Umuman yoshlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kuni kecha boʻlib oʻtgan Forumda juda koʻplab masalalar yechimini kelishib oldik. Shuning uchun, bugun ular toʻgʻrisida batafsil toʻxtalmadim.

Barchamiz uchun endigi vazifa – ushbu tashabbus va takliflarni toʻliq amalga oshirishdan iborat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.