Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahri Mustaqillik koʻchasida bunyod etilayotgan koʻp qavatli uylar qurilishini koʻzdan kechirdi.
Bu yerda 10 ta 7 qavatli uy barpo etilmoqda. Joriy yil Mustaqillik bayrami kunlari ularning foydalanishga topshirilishi natijasida 420 ta oila yangi uyli boʻladi.
Birgina bu emas. Hali oldinda amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari talaygina. Sharof Rashidov tumani Uchtepa shaharchasida koʻp qavatli, “Toqchilik” qishloq fuqarolar yigʻinida arzon uy-joylar qurish, Islom Karimov koʻchasi boʻyicha zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etish, Toshkent va Alisher Navoiy koʻchalari kesishgan hudud qiyofasini oʻzgartirish, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash va boshqa loyihalar rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu ishlarga zarur qurilish materiallarini viloyatning oʻzida ishlab chiqarish, bu boradagi tajriba va texnologiyaga ega zavodlarni jalb etib, shunday korxonalar tashkil qilish boʻyicha topshiriqlar berdi.