Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahrida barpo etilgan Kibersport arenasida yoshlar bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 16 noyabrdagi qaroriga muvofiq, kibersport turlari ommalashtirilmoqda. Jumladan, Jizzax shahrida sobiq tennis korti binosi oʻrnida kibersport arenasi tashkil etildi. 1 ming 200 tomoshabinga moʻljallangan asosiy zal zamonaviy holatga keltirildi. Shuningdek, bu yerda 12 ta oʻquv va mashgʻulot xonalari, majlislar zali, 35 oʻrinli yotoqxona hamda kafeteriy mavjud.
Arena universal boʻlib, boks, kurash, basketbol, stol tennisi, shaxmat, shashka boʻyicha xalqaro musobaqalarni, “Besh tashabbus” tadbirlarini oʻtkazish ham mumkin. Majmua tarkibidagi IT akademiyasida yoshlarga kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar, grafik dizayn, dasturlash, robototexnika va boshqa yoʻnalishlar oʻqitiladi. Bu sohada mutaxassislar tayyorlash boʻyicha “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” tizimini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu yerda kiber sport, shaxmat, “Zakovat” intellektual oʻyinlari, basketbol musobaqalarini kuzatdi, yoshlar bilan muloqot qildi.
— Bugun Jizzaxning koʻp joylarida boʻldik, yangi loyihalarni boshladik. Albatta, viloyatning iqtisodiyoti, bunyodkorlik koʻlami avvalgidan ancha yuqori. Lekin eng muhim yutuq — yoshlarimizning harakati, niyati, oʻziga ishonchi. Biz belgilab olgan Strategiyani, katta marralarni shunday yoshlar bilan amalga oshiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tashrif davomida mutasaddilar arena faoliyatiga doir rejalar xususida soʻzlab berdi. Xususan, jahon chempionatlarida ishtirok etish uchun turli darajadagi turnirlar gʻoliblari bilan doʻstlik musobaqalari oʻtkaziladi.
Har bir yoʻnalish boʻyicha iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni professional sportga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.