Prezident Karmana tumanidagi “Karmana Golden Eggs” MCHJ faoliyati bilan tanishdi

0
146
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi. 

Davlatimiz rahbari dastlab Karmana tumanidagi “Karmana Golden Eggs” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Prezidentimizning 2017 yil mart oyidagi tashrifi chogʻida belgilab berilgan topshiriqqa muvofiq ishga tushirilgan mazkur parrandachilik fabrikasida yiliga 960 mingta joʻja yetishtiriladi. Korxonada 50 ta ish oʻrni yaratildi. Ikkinchi bosqichda yana 100 ishchi joy tashkil etiladi. 

Shu yerda viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida yangi quvvatlarni ishga tushirish, 2018-2019 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish, bogʻ, issiqxonalar, pista va bodom plantatsiyalari tashkil etish, meva-sabzavotni qayta ishlash, parrandachilik, baliqchilik, qorakoʻlchilik kabi tarmoqlarni rivojlantirishga doir loyihalarning iqtisodiy samaradorligiga eʼtibor qaratildi. 

Prezident loyiha-takliflarni qoʻllab-quvvatladi. 

«Loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish kerak. Korxonalarni bir kun boʻlsayam ertaroq ishga tushirib, odamlarni ish bilan, daromad bilan taʼminlashimiz zarur. Buning uchun qanday yordam, qancha qoʻshimcha mablagʻ kerak boʻlsa, beramiz»,- dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.