Prezident Karmanadagi yangi baliqchilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi

0
170
marta koʻrilgan.

Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi, xususan baliqchilik tarmoqlarini jadal rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Baliqchilik xoʻjaliklarini yanada rivojlantirish, yangi inkubatsiya sexlarini tashkil etish, ozuqa bazasini mustahkamlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, baliq qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirish tizimini takomillashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda Prezidentimizning 2018 yil 6 noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazkur ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim omil boʻlmoqda. 

Sohaga qaratilayotgan eʼtibor tufayli 2018 yilning dekabr oyida Karmana tumanida “Export Fish Product” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻz ishini boshladi. Amalga oshirilgan loyihaning umumiy qiymati 37 milliard soʻm boʻlib, shundan 30 milliard soʻm bank krediti, 7 milliard soʻm korxona mablagʻidir. Bu yerda usti yopiq suv havzalari, 500 tonna sigʻimga ega muzlatkichli omborxona, shuningdek, aholining hordiq chiqarshi, yaʼni shu yerning oʻzida baliq tutib isteʼmol qilishi uchun umumiy ovqatlanish shoxobchasi va saylgoh qurilgan. Ellikta ish oʻrni yaratilgan.

Korxona toʻliq quvvat bilan ishlagach, bir yilda 500 tonna baliq, 100 million dona baliq chavoqlari yetishtiriladi. Kelajakda korxona 800 ta aholi xonadonida ham intensiv usulda baliq boqishni rejalashtirgan. Natijada 900 ga yaqin kishi ish bilan taʼminlanadi. Korxona tasarrufidagi 2 ming gektarlik koʻlda yetishtiriladigan baliq klaster usulida qayta ishlanib, undan baliq uni, moyi, filesi, konservasi, yarim tayyor holatda baliq kotleti va dudlangan baliq tayyorlanadi. 600 tonna tayyor mahsulot eksport qilinadi. 

Prezidentimiz Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida mazkur korxona faoliyati bilan ham tanishdi.

— Mahsulot koʻp boʻlsa, raqobat boʻladi, raqobat boʻlsa, sifat oshadi, sifati yuqori boʻlsa, eksport samarali boʻladi, — dedi davlatimiz rahbari. — Oddiy odamlarni boy qilsak, davlat ham boy boʻladi.

Shu yerning oʻzida viloyatda qishloq xoʻjaligining turli tarmoqlari boʻyicha agroklasterlar tashkil etish, yaylovlar holatini yaxshilash loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.

Masalan, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida “NAVOIY ISHONCH GILAMLARI” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarini sunʼiy yomgʻir usulida sugʻorish texnologik uskunalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Natijada suv, yoqilgʻi, mineral oʻgʻitlar sarfi kamayadi. Umumiy qiymati 41 milliard soʻm boʻlgan ushbu loyiha natijasida 50 kishining bandligi taʼminlanadi.

Shuningdek, viloyatda chorvachilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Konimex tumanida “Konimex texno oazis” MCHJ tomonidan tuyachilik va yilqichilikni rivojlantirish loyihasi hayotga tatbiq etiladi. Xorijdan 900 bosh tuya, yilqi, naslli qoʻy olib kelinadi. Ot maktabi tashkil etilishi va chavandozlar tayyorlanishi koʻzda tutilgan.

Davlatimiz rahbari baliq yetishtirishga ixtisoslashgan shunday korxonalarni, chorvachilik xoʻjaliklari sonini koʻpaytirish, yer unumdorligini hamda tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha tavsiyalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.