Prezident Kosonda mirishkorlar bilan uchrashdi

0
148
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Koson tumanidagi “Koson” fermer xoʻjaligi dalasida boʻlib, gʻalla va gʻoʻza rivojini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

82 gektar maydonga ega xoʻjalik asosan shu ekinlarga ixtisoslashgan. Oʻtgan yili paxtadan 41, gʻalladan 70 sentnerdan oshirib hosil olingan. Daromad ham shunga yarasha yaxshi boʻlgan — oʻtgan yili 357 million soʻm daromad topilgan.

Buning evaziga xoʻjalikka texnikalar xarid qilindi, suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatildi.

– Bozor iqtisodiyotida ishni harakatlantiruvchi kuch nima? Manfaat. Fermer xoʻjaliklari ham daromadni koʻpaytirishni oʻylashi kerak. Daromad bor joyda rivojlanish boʻladi. Unumdorlikni oshirish uchun foydaning bir qismini ilmga, yangi texnologiyalarga sarflash kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Fermer xoʻjaligida paxta va gʻalla dalalari atrofiga tok, tut va oshqovoq ekilgan. Prezidentimiz bu tajribani kengaytirib, barcha klaster va fermer xoʻjaliklari dalasidagi atrofidagi boʻsh joylarda meva-sabzavotlar yetishtirish zarurligini taʼkidladi.

Qashqadaryoda qishloq xoʻjaligida eng katta muammolardan biri – suv kamligi. Shu bois yomgʻirlatib va tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.

“Koson” fermer xoʻjaligida ham yomgʻirlatib sugʻorish tashkil etilgan 23 gektar gʻalla baravj oʻsmoqda. Bu yil yana 23 gektar gʻalla maydonida yomgʻirlatib hamda 30 gektar paxta maydonida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilinadi. Natijada 46 ming metr kub cuv, 11 tonna mineral oʻgʻit iqtisod qilinadi.

Shu yerda suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish tizimini takomillashtirishga oid loyihalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari klasterlarga qarashli yerlarga suv yetkazib berish boʻyicha ular bilan davlat-xususiy sheriklikni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.