Davlatimiz rahbari Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanidagi Xitoy mahallasida boʻlib, aholi turmushi bilan yaqindan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu yerda 2 ming 800 nafarga yaqin aholi yashaydi. Odamlar tomorqadan unumli foydalanadi. Ayollar tikuvchilik bilan shugʻullanadi. Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik roʻzgʻorlarga baraka kiritgan.
Oʻndan ortiq savdo doʻkonlari, mebelsozlik korxonasi, sartaroshxona, tikuvchilik va hunarmandchilik ustaxonalarida aholi ish bilan band. Shuningdek, yoshlarning sport bilan shugʻullanishi uchun yaxshi sharoit bor. Mahallada oxirgi ikki yilda birorta jinoyat sodir etilmagan.
Davlatimiz rahbari shu yerlik Abdugʻaffor Halilov xonadonida boʻlib, mahalla vakillari bilan suhbatlashdi.
— Bugun kelib, Fargʻonadagi rivojlanishni, mahallalardagi sharoitni koʻrib xursand boʻldim, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Islohotlarni har bir inson oʻz hayotida his qilishi uchun hamma ishlarni quyi tizimda tashkil etyapmiz. Fargʻona viloyatida 1062 ta mahalla bor. Ulardagi muammolarni, muhtoj oilalarning talab-istaklarini joyida hal etib, odamlarni rozi qilish zarur. Barcha rahbarlar dunyoqarashini oʻzgartirib, xalqimizga munosib boʻlib, mehnat qilishi kerak.
Samimiy suhbatda nuroniylar soʻnggi yillarda mahalla qiyofasi yaxshilangani, «Ochiq byudjet» tashabbusi orqali koʻchalar obod boʻlganini aytdi. Xususan, 5 kilometr ichki yoʻlga asfalt yotqizilgan. Elektr tarmoqlari va transformator yangilangan.
Prezident suhbatda bildirilgan fikrlarni qoʻllab-quvvatlab, mahalla idorasini taʼmirlash, maktab uchun qoʻshimcha bino qurish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Yoshlarni oʻqitish va hunar oʻrgatish, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish muhimligi haqida soʻz yuritildi.