Prezident: Mahalla haqiqiy kuch boʻlayapti

0
306
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrining Yashnobod tumanida barpo etilgan “Uch avlod bogʻi”ni borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Mahallalardagi maʼnaviy muhitni yaxshilash, yoshlarni ezgu ishlarga undashda nuroniylarning katta hayot tajribasi muhim. Shu maqsadda mahallalarda, taʼlim muassasalarida keksa va oʻrta avlod vakillari hamda yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvlari” oʻtkazilmoqda.

Ushbu yangi bogʻ ham shu maqsadga xizmat qiladi. Ilgari bu joy qarovsiz, yoʻllari notekis edi. Endi Alimkent koʻchasi taʼmirlanib, atrofi obodonlashtirildi. Daraxt va gullar ekildi, issiqxona va ishkomlar barpo etildi. Oʻrindiqlar, piyoda va velosiped yoʻlaklari aholining hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratdi.

Shu yerda nuroniylar, mahalla faollari bilan muloqot boʻldi. Ular el-yurt fidoyilarining xotirasi ulugʻlanib, keksalarga alohida hurmat koʻrsatilayotganini taʼkidlashdi.

Bugungi kunda yurtimizda 3 milliondan ortiq nuroniylar bor. Ular har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, sogʻligʻiga eʼtibor qaratilmoqda. 28 mingga yaqin nuroniylar sanatoriylarda sogʻlomlashtirildi, 450 ming nafari chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Barcha hududlarda Nuroniylar kengashlari va mahallalarda keksalar ishlari boʻyicha maslahatchi lavozimlari tashkil qilindi. “Faxriy murabbiy” ordeni taʼsis etildi. 3 ming 500 nafardan ziyod yurtdoshlarimiz “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Shunday zamon kelayaptiki, mahalla haqiqiy kuch boʻlayapti. Masala hal boʻlayotganini xalqimiz sezayapti. Hamma joyga nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar boʻyicha vakil qoʻydik. Endi mahalla raisining “uchta ustuni” bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz farmoniga muvofiq, bayram arafasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 15 million soʻmdan bir martalik pul mukofoti va sovgʻalar topshirildi. Tuman va shahar hokimlari front ortida mehnat qilgan 10 ming nafar faxriylar bilan shaxsan uchrashib, holidan xabar oldi.

Yurtimizdagi bunday ahillik va tinchlikka shukr qilib, uni avaylash, nuroniylar oʻz namunasi va soʻzi bilan bunga hissa qoʻshishi kerakligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari shu yerdagi “Yuksalish” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi. U yettita mahalladagi 106 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatadi. Hisob-kitoblarda billing tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Kompaniya binosida va koʻp qavatli uylarning yertoʻlasida maishiy xizmatlar tashkil etilgan.

Shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbat boʻlib oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.