Prezident mahalla hayoti bilan tanishdi

0
25
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanidagi Yuksalish mahallasida boʻlib, aholi turmush sharoiti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Hunarmandchilik, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan bu mahallada 3 ming 300 nafarga yaqin aholi yashaydi. 560 dan ortiq xonadonning barchasida tomorqa, oʻndan ortiq issiqxona bor. Ulardan omilkorlik bilan foydalanib, ikki martalab hosil olinmoqda.

Yana baʼzi oilalar yogʻoch oʻymakorligi, temirchilik, kashtachilik bilan shugʻullanadi. Bugungi kunda mahallada tadbirkorlik subyektlari soni yigirmatadan oshdi. Maktab, bogʻcha va poliklinika bor. Ularda hudud aholisining bir qismi doimiy ish bilan band.

Oʻtgan yili 131 kishi ishga joylashtirilgan. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 ta loyihaga 240 million soʻm kredit ajratilgan.

Davlatimiz rahbari mahalladagi “Gulnora Matqulobod bodomlari” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bagʻdodda bodom yaxshi oʻsadi. Korxona 11 ta mahalladagi 500 dan ortiq xonadonlarga bodom tarqatib, sotuvga tayyorlatadi. Bir kunda 3 tonnagacha mahsulot qayta ishlanadi. Hozirda poʻsti yumshatilgan mazali bodomlar poytaxtimiz va viloyatlarga yetkazib berilmoqda. Tadbirkor ayol endi uni eksport qilishni rejalashtirayotganini aytdi.

Prezidentimiz tadbirkor va kasanachi ayollar bilan samimiy suhbatlashdi. Tashabbuskorligi va mehnatsevarligi, islohotlarga kamarbasta boʻlib, xotin-qizlarni ishli qilayotgani uchun ularga minnatdorlik bildirdi.

Mahalla byudjetida 83 million soʻm bor. Koʻchalar obod, xonadonlar saranjom-sarishta. Mahalla markazida huquq-tartibot idorasi, chiqindi yigʻish punkti barpo etilgan.

Shu yil 25 iyun kuni davlatimiz rahbari huzurida oʻtgan yigʻilishda mahallalarda servis kompaniyasi tashkil qilish choralari belgilangan edi. Shu asosida bu yerda ham “Yuksalish ” mahalla-servis kompaniyasi tashkil etildi.

Servis kompaniyasi Bagʻdod tumanidagi 5 ta mahallaga xizmat koʻrsatadi. 24 soatlik ish yoʻlga qoʻyilgan. 22 nafar ishchi, oʻnga yaqin yuk tashish va maxsus transportlar, taʼmirlash anjomlari el xizmatida.

Toʻlovlarni undirishda “Mening uyim” elektron dasturidan foydalaniladi. Uning idorasi hovlisida hunarmandlar uchun ham sharoit yaratilgan.

Bu tajribani kengaytirib, mahallalarni obod qilish, bandlik va ozodalikka alohida eʼtibor qaratish muhimligi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.