Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon tumanidagi Sadda tagi mahallasida boʻlib, aholi turmushi bilan yaqindan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu mahallada 3 ming 600 nafardan ortiq aholi yashaydi. Oilalar yerdan unumli foydalanishning hadisini olgan. Keyingi yillarda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida parrandachilik, uzumchilik, issiqxonalar tashkil etilmoqda. Shuningdek, mahalla hududida toʻqimachilik korxonasi, oziq-ovqat doʻkonlari va ustaxonalar bor.
Oʻtgan yili mahalla binosi yangidan qurilib, koʻchalar taʼmirlandi, ishkomlar barpo etildi.
Aholi bandligini taʼminlash, yoshlarning boʻsh vaqtini samarali oʻtkazish boʻyicha qilinayotgan ishlar bu mahalla hayotida ham sezilmoqda. Buni mahallada ishsizlik kamligi, oʻtgan yili birorta ham jinoyat boʻlmaganida ham koʻrish mumkin.
Davlatimiz rahbari shu yerlik Diyor Mamadaliyev xonadonida mehmon boʻldi.
Maʼlumki, Andijon viloyatida aholi zich joylashgan. Uy-joyga talab katta. Jumladan, Mamadaliyevlar uyida ham besh oila yashayotgandi. Shu bois xonadon hovlisida tajriba tariqasida yigʻma uylar qurildi. Ular kamxarj, issiq-sovuq va yongʻinga chidamli, qurish ham oson.
Prezident mezbonlarni yangi uylar bilan muborakbod etdi. Binoning loyihasi, qurilish materiallariga eʼtibor qaratdi.
— Uy insonning eng asosiy ehtiyojlaridan biri. Ham davlat, ham tadbirkorlar tomonidan koʻplab turar joylar qurilayotgani xalqimiz manfaatini taʼminlayapti. Tanlov imkoniyatini kengaytirish uchun, ehtiyojmandlar uchun bunday arzon uylar ham kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bunday uylarni koʻpaytirish, ular uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.