Prezident Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanidagi Jangoh mahallasida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda quyi tizimga qaratilayotgan eʼtibor ushbu mahallada ham namoyon. Fuqarolar yigʻini binosi, koʻp qavatli uylar zamonaviy qiyofaga ega. Maydonchalar va ichki yoʻllar tekislanib, atrofi obodonlashtirilgan. Bolalar oʻyingohi va avtoturargoh tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari bu ishlarni koʻzdan kechirdi. Mahalla raisi va vakillari bilan suhbatlashdi.
– Mahallada “beshlik” tizimini joriy qilib, keng imkoniyatlar berdik. Bugun ular aholi bilan davlat oʻrtasida koʻprik. Bu koʻprik qancha adolatli, shaffof, mustahkam boʻlsa, xalqimiz shuncha rozi boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Jangoh mahallasida 6 ming 700 nafardan ziyod aholi yashaydi. Oʻndan ortiq maishiy xizmat va yuzdan ziyod savdo doʻkonlarida mahalla yoshlari ham ishlamoqda. Aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun ham sharoitlar yaratilgan.
Davlatimiz rahbari “Yangi Jangoh” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi. U mahalladagi 52 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatadi. 24 nafar mutaxassis va maxsus texnikalar doim shay holatda. Hisob-kitoblarda billing tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida “Mening uyim” mobil ilovasi joriy etilgan.
Mutasaddilar bilan suhbatda kommunal tarmoqlarni yangilab borish, aholi ishonchini qozonib, toʻlovlar barqarorligini taʼminlash yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Mahalla ayvonida odamlar bilan samimiy suhbat boʻldi.
– Biz faoliyatimizning birinchi kunidan hamma ishlarni mahallada amalga oshiryapmiz. Chunki bu insonga eng yaqin tizim. Mahallangizdagi obodlik bir misol. Bunday ishlar faqat Toshkentda emas, Qoraqalpogʻistonu Xorazmda ham, Qashqadaryoda ham, hamma joyda qilinyapti. Xalqimizning oʻzi – adolatli hakam. Bugun yurtimizdagi har bir inson ijobiy oʻzgarishlarni sezyapti. Endi bu ishlarni davom ettirib, moliya, soliq, bandlik kabi idoralarning kamida 30 foiz vakolatlarini mahalla darajasiga tushiramiz. Bu – insonlarning ogʻirini yengil qiladigan, ularga sifatli xizmat koʻrsatadigan xalqchil tizim boʻladi, – dedi Prezident.
Nuroniy otaxon va onaxonlar mahalladagi, umuman, yurtimizdagi oʻzgarishlardan xursandligini taʼkidlab, duolar qildi.
Prezidentimiz shu mahalla yaqinida, Abdulla Qodiriy koʻchasidagi xiyobonda barpo etilgan istirohat yoʻlagini ham koʻzdan kechirdi. Bu maskan aholi va xorijlik turistlar uchun yana bir diqqatga sazovor joyga aylanishi taʼkidlandi