Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Sariosiyo tumanidagi Sebzor mahallasida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu yerda 7 ming 600 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Toʻrtta korxona, yigirmadan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida shu yerlik yoshlar doimiy ish bilan band. Mahalla ahli asosan bogʻdorchilik, chorvachilik va sabzavotchilik bilan shugʻullanadi. Oʻttizdan ortiq dehqon va fermer xoʻjaliklari faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbari “Barakatullo Davr Baraka” fermer xoʻjaligi bogʻida boʻlib, poliz ekinlari rivoji koʻzdan kechirdi. Bu yerda 6 gektar olma, 1,3 gektarda xurmodan moʻl hosil olinmoqda. Daraxtlar qatori oralariga ertaki ekinlar, jumladan, oq boshli karam, piyoz, sarimsoqpiyoz yetishtirilgan.
Maʼlumki, Surxondaryoning iqlimi erta hosil olish imkonini beradi. Lekin qishloq xoʻjaligida ilmiy yondashuv yetishmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shuning uchun viloyatda in-vitro laboratoriyalari tashkil etib, urugʻchilikni yaxshilash, umuman, Surxondaryo qishloq xoʻjaligini eksportga ixtisoslashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Bogʻ, togʻ yonbagʻri va dala chetlarini xatlovdan oʻtkazib, ekinlar uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni oʻrganish, olimlarni jalb etib, mahsulotlar hosildorligi va sifatini oshirish, qayta ishlashni rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Mahallada ijtimoiy masalalar ham manzilli hal etilmoqda. Yoʻllar taʼmirlangan. Kuz-qish mavsumi oldidan transformatorlar yangilandi, qoʻshimcha simyogʻochlar oʻrnatildi. Maktab va maktabgacha taʼlim muassasasida zarur sharoitlar yaratilgan.
Yaqinda mahalla hududida kichik tibbiyot punkti tashkil etildi. Prezidentimiz undagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Asosan profilaktik koʻrik va patronaj xizmati bilan shugʻullanadigan ushbu muassasada bir nafardan shifokor va doya, ikki nafar hamshira faoliyat olib boradi.
Mahalladagi 2 ming nafarga yaqin tibbiyotga muhtoj aholi ilgari 27 kilometr masofadagi shifoxonaga borar edi. Endi ularning uzogʻi yaqin boʻldi. Bu yerda bolalarni emlash, surunkali bemorlarni sogʻlomlashtirish va ularning nazoratini olib borish yoʻlga qoʻyilgan.
Davlatimiz rahbari shu yerda tibbiyot xodimlari va mutasaddilari bilan suhbatlashdi.
— Meni eng koʻp oʻylantiradigan masalalardan biri — xalqimizning sogʻligʻi. Shuning uchun shifoxonalar qurishga, ijtimoiy dorilar taʼminotiga, tez tibbiy yordamga katta mablagʻ ajratayapmiz. Tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari ham oshirildi. Endi muhimi — aholini kasallik boʻyicha xavf guruhiga ajratgan holda, manzilli davolash va sogʻligʻini nazorat qilish, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Masalan, bir hudud aholisining 30 foizi kasal yoki kasallikka moyil boʻladi. Mahalladagi tibbiyot xodimlari ularga alohida eʼtibor qaratib, ahvolini kuzatib borishi kerak. Shu bilan birga, toʻgʻri ovqatlanish, koʻproq piyoda yurishning foydasini keng tushuntirish, mahallalarda fitobarlar tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.