Prezident mahalladagi oʻzgarishlarni koʻzdan kechirdi

0
245
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi Universitet mahallasiga bordi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Ijtimoiy dasturlarni mahallabay amalga oshirish – davlatimiz rahbarining eng asosiy talabi. Universitet mahallasida ham ish shunday tashkil etilgan. Fuqarolar yigʻini binosi zamonaviy taʼmirlangan. Uylar hovlisi, maydonchalar obod qilinib, ichki yoʻllar beton bilan tekislangan, 700 metr uzunlikdagi velosiped yoʻlaklari qurilgan.

Maʼlumki, oʻtgan yili noyabrda “Yashil makon” umummilliy loyihasi eʼlon qilingan edi. Davlatimiz rahbari bu jarayonda daraxt koʻchatlari ekish bilan birga mahallalarda ishkomli koʻchalar tashkil qilish zarurligini aytgan edi. Shunga muvofiq, Universitet mahallasida 750 metr uzunlikdagi ishkomlar oʻrnatilib, uzumlar ekilgan. Koʻp qavatli uylar oldidagi maydonlarga rayxon, namozshomgul kabi gullar ekilgan.

Universitet mahallasida 4 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. 19 ta koʻp qavatli uyning qiyofasi, yoʻlaklari yaxshilandi. Bu yerda 150 oʻrinli xususiy maktab ham bor. Oʻndan ortiq kichik biznes korxonasida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda.

Prezidentimiz mahallada bajarilgan ishlarni koʻzdan kechirdi. Mahalla faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

— Sizlarni avvalo Ramazon oyi bilan, mahallangiz shunday obod boʻlgani bilan tabriklayman. Bu salgina harakat qilsa, rahbarlar pastga tushib ishlasa, natija boʻlishining bir misoli. Ilgari mahallaning nomi bor edi, hokim xushi kelsa, gaplashardi. Hozir hamma tizimni mahallada mujassam qilayapmiz. Nima uchun? Har bir oilaga, har bir insonga yetib borish uchun. Bunday ishlar hamma mahallada tezroq boʻlishini istardim, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻtgan yili Toshkent shahridagi 579 ta mahallaga 2 milliard soʻmdan berilgan edi. Bu yil har biriga 1 milliard soʻmdan ajratilishi maʼlum qilindi.

Davlatimiz rahbari mahalladagi “Olmazor xolding grand” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi.

Koʻp joylarda boʻlgani kabi Universitet mahallasida ham kommunal xizmat koʻrsatishda muammolar bor edi.

2021 yil 19 iyunda Oʻzbekiston Prezidentining “Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. «Olmazor xolding grand” kompaniyasi ushbu imkoniyatlar natijasida tashkil topdi. Uning ikki qavatli binosida shinam sharoitlar yaratilgan.

Kompaniya 7 mahalladagi 103 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatadi. Ilgari bu uylarga 27 ta shirkat qaragan. Ularda direktordan boshqa mutaxassis, maxsus texnika boʻlmagan. Hozir servis kompaniyasida 70 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan. Maxsus texnikalar sotib olingan. Kompaniya binosida kommunal xizmatlar boʻyicha oʻquv markazi ham ochilgan.

Hisob-kitoblarda billing tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida «Mening uyim» mobil ilovasi joriy etilgan.

Bundan tashqari, boshqaruv kompaniyasi binosidagi qoʻshimcha xonalar hamda koʻp qavatli uylarning yertoʻlasida 30 ga yaqin maishiy xizmatlar tashkil etilgan. Prezidentimiz ushbu shoxobchalarni ham kirib koʻrdi.

Shu yerda Toshkent shahri tumanlarida tashkil etiladigan boshqaruv servis kompaniyalari boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.