Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Habib Abdullayev mahallasida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu mahallada 4 ming 400 nafardan ziyod aholi yashaydi. Hududda ellikka yaqin savdo doʻkonlari va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, taʼlim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. 38 ta koʻp qavatli uy va toʻrtta ijtimoiy obyektga “Madaniyatli hudud” boshqaruv servis kompaniyasi xizmat koʻrsatadi.
Aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Joriy yilda otalar choyxonasi, amfiteatr, “Wi-Fi” hudud barpo etildi, ichki yoʻllar va bolalar maydonchalari taʼmirlandi.
Masʼullarning eʼtibori, aholining hamjihatligi sabab hududning manzarasi tubdan oʻzgardi. “Yashil makon” loyihasi doirasida shu kuzda 2 ming tupdan ortiq manzarali va mevali koʻchatlar ekildi. Ikkita artizan quduq qazilib, yashil maydonlarni sugʻorish tizimi yaratildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda tuman faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi. Ular oʻz mahallalari obod boʻlgani, energiya tarmoqlari taʼmirlanib, qishga puxta tayyorgarlik koʻrilganini aytishdi.
Prezident energiyani tejash, xonadonlardagi issiqlikni asrash, har bir insonda bunga daxldorlikni shakllantirish zarurligini taʼkidladi.
— Dunyodagi iqlim oʻzgarishlari bizdan uzoqda, deb boʻlmaydi. Oʻtgan yilgi sovuq buni koʻrsatdi. Endi iqlim oʻzgarishini inobatga olib, dunyoqarashimizni ham oʻzgartirishimiz kerak. Har bir fuqaro «bu mening uyim, mening mahallam, mening tumanim, mening Vatanim» deb yashasa, natija biz kutgandek boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu mahallada ham qish oldidan oʻnta transformator taʼmirlandi, elektr simlari almashtirildi. Koʻp qavatli uylarning kirish yoʻlaklar kapital taʼmirlandi, yangi eshiklar oʻrnatildi. Uylarning yertoʻlasidagi issiqlik quvurlari yangilandi.
Davlatimiz rahbariga Chilonzor tumaniga tashrif chogʻida berilgan topshiriqlarga muvofiq qishga koʻrilgan tayyorgarlik haqida axborot berildi.