Davlatimiz rahbari Olmazor tumanidagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatni borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mazkur taʼlim muassasasi 1966 yilda tashkil etilgan boʻlib, 2016 yilda kapital taʼmirlangan. Ayni paytda bu yerda 221 nafar oʻquvchi tarbiyalanmoqda. Ularga oliy maʼlumotli defektolog va tarbiyachilar saboq bermoqda. Oʻtgan yili 21 nafar bitiruvchidan 3 nafari oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan.
Maktab-internatda 4 ta oʻquv binosi, 280 oʻrinli yotoqxona, oshxona, kutubxona, sport zali, faollar zali mavjud.
Davlat rahbari oʻqituvchilar bilan suhbatlashdi. Tarbiyalanuvchilarning mashgʻulot jarayonlarini koʻzdan kechirdi.
Toshkent shahar hokimligiga maktab-internatning oshxonasi va texnologiya xonalarini taʼmirlash, sport kompleksi va ishlab chiqarish ustaxonasi tashkil etish boʻyicha topshiriq berdi.
Xalq taʼlimi vazirligiga “Zamin” jamgʻarmasi bilan birga 2 ming 600 dan ziyod zaif eshituvchi bolalarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazib, ularni eshitish moslamalari bilan taʼminlash, eshitish qobiliyati tiklangan bolalarni bosqichma-bosqich umumtaʼlim maktablariga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.