Prezident: Maʼnaviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak

0
96
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Yigʻilishda maʼnaviyat va madaniyat faollari, adabiyot va sanʼat namoyandalari, shuningdek, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi vakillari, vazirlar va hokimlar ishtirok etdi.

Maʼlumki, respublikamizda ushbu Kengash raisi Prezident, hududlarda esa birinchi rahbarlar hisoblanadi. Chunki ilm-fan, taʼlim va tarbiya, maʼnaviyat ustuvor masaladir.

Davlatimiz rahbari buning uchun avvalo mustahkam iqtisodiy asoslar kerakligini taʼkidlab, shu borada amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etib oʻtdi. Ushbu iqtisodiy asos natijasida bu yil ijtimoiy sohaga eng koʻp – 134 trillion soʻm mablagʻ ajratildi. Bu – 2016 yilga solishtirganda 5,6 barobar ziyod demakdir.

Bugun jahon miqyosida taraqqiyot surʼatlari shiddatli tus olgani, oʻta ziddiyatli jarayonlarning taʼsiri mamlakatimizda ham sezilayotgani qayd etildi.

– Tarixdan maʼlum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi gʻarb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼrifatparvar bobolar gʻoyalarini oʻrganish va rivojlantirish boʻyicha Prezident qarori qabul qilinishi belgilandi. Shuningdek, Buxorodagi tarixiy maskanda Jadidlar merosi davlat muzeyi ochiladi, “Jadid” nomli yangi gazeta tashkil etiladi.

Soʻnggi yillarda maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi hamda Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tizimidagi xodimlar soni ikki karra oshirildi, ularni moddiy ragʻbatlantirish choralari koʻrildi.

“Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingani soha rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Milliy anʼanalarimizni asrab-avaylash va boyitish maqsadida Maqom, Baxshichilik va Askiya sanʼati markazlari tashkil etildi. Shuningdek, “Bahor” raqs ansambli, Davlat filarmoniyasi, Davlat simfonik orkestri kabi 20 dan ortiq muassasalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 11 ta yangi muzey, 2 ta teatr, 28 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabi, 5 ta oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi.

Umuman, madaniyat va sanʼat sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hajmi 2017 yilga nisbatan 5 karra oshib, 2023 yilda bu maqsadlar uchun 712 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi.

“Maqom”, “Baxshichilik”, Hunarmandchilik, “Lazgi” kabi xalqaro festivallar anʼanaga aylandi. 24 ta xorijiy mamlakatda, jumladan, qoʻshni davlatlarda “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” yuqori saviyada oʻtkazildi.

YUNYeSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga yana 9 ta milliy merosimiz namunasi, Buxoro shahri “Ijodkor shaharlar tarmogʻi”ga kiritildi. Shu yil sentyabrda YUNYeSKO Bosh qarorgohida buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniy tavalludi keng nishonlandi.

Kino sanʼatida ham yangi asarlar paydo boʻlayapti. Buyuk sarkarda va ulugʻ allomalar haqida tarixiy filmlar yaratildi. Qariyb chorak asrdan keyin Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklandi.

Poytaxtimizda Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosi, hududlarda yangi ijod uylari qurildi. Samarali ijod qilayotgan adiblar imtiyozli asosda uy-joylar bilan taʼminlandi. Atoqli ijodkorlarimizning tavallud sanalari nishonlandi. Yosh isteʼdodlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Zomin seminari qayta tiklandi.

Birinchi marta nashr etilgan 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari”, 30 jilddan iborat “Mustaqillik davri navoiyshunosligi”, “Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari”, “Mard askarga sovgʻa” singari adabiy majmualar maʼnaviy hayotimizda muhim voqea boʻldi.

Yigʻilishda bu sohalar oldidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari 9 ta yoʻnalishda oʻz fikrlarini bildirib, muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Avvalo, maʼnaviyat va madaniyat sohasi uchun metodik asos boʻlib xizmat qiladigan milliy gʻoyamizni rivojlantirish boʻyicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqish lozimligi taʼkidlandi.

Baʼzi guruhlar orasida diniy qarashlarni Konstitutsiya va qonunlarimizga qarshi qoʻyish, dunyoviy qadriyatlarni harom deb bilish holatlari afsus bilan qayd etildi. Prezident bu oʻrinda  Ibrat domlaning “Ulamo gʻayrat etkanda millat, albatta, isloh topur”, degan hikmatli soʻzlarini yodga oldi. Ziyolilar, nuroniylar, haj va umraga borib kelgan yurtdoshlarimiz maʼnaviyat targʻibotchisi boʻlishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerakligi aytildi.

Taʼlim tizimiga qaratilayotgan eʼtibor izchil davom ettiriladi. Bu borada ham tenglik taʼminlanishi, xususan, qiz bolalarning oʻqishi va kasb-hunar egallashi jamiyat rivojida muhim ekani alohida taʼkidlandi.  

Ikkinchidan, madaniy-maʼrifiy sohadagi ishlarda hokimlarning masʼuliyati oshiriladi. Tuman va shaharlarda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari ishga tushiriladi.

– Bugun maʼnaviyat boshqa sohalardan oʻn qadam oldinda yurishi, maʼnaviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak, – dedi Prezident.

Shu maqsadda, Surxondaryo viloyatida bildirilgan taklif asosida hududlardagi 4 ta sektorga qoʻshimcha ravishda maʼnaviyat sektori tashkil etilishi maʼlum qilindi. Ular joylardagi Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlarining ishchi tuzilmasi sifatida faoliyat koʻrsatadi.

Uchinchidan, teatr sanʼatini rivojlantirish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi. Unda eng yaxshi pyesalar uchun ijodiy buyurtma berish, ijodiy va yordamchi xodimlarning chet el teatrlarida mahoratini oshirish, yosh rejissyorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun Mannon Uygʻur nomidagi mukofot taʼsis etish kabilar nazarda tutiladi.

Korxona va muassasalarda oyning bir kuni “Teatr kuni” deb belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishi yoʻlga qoʻyiladi.

Toʻrtinchidan, aholining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishda 837 ta madaniyat markazining faoliyati juda muhim. Ularda 4 mingga yaqin toʻgarak faoliyat koʻrsatmoqda, 120 mingdan ortiq yoshlar shugʻullanmoqda.

Lekin ayrim markazlar oʻz binosiga ega emas, jami 8 mingta musiqa anjomiga ehtiyoj bor. Bu borada hokimlarga koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, kelgusi yildan har bir tumanda sahnali zal, kutubxona, kinozal va toʻgarak xonalari boʻlgan bittadan madaniyat markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Joylardagi 600 dan ziyod badiiy havaskorlik jamoalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash boʻyicha dastur qabul qilinib, bunga 100 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Beshinchidan,  maqom va baxshichilik sanʼatini ilmiy asosda oʻrganish va rivojlantirish kuchaytiriladi.

Hozirgacha 120 ta maqom, baxshichilik dostonlari, xalq kuyi va qoʻshiqlari “oltin fond”ga yozib olindi. Kuni kecha Oʻzbekiston Prezidentining nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish va targʻib etishga doir qarori imzolandi. Unda, jumladan, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros institutini tashkil etish, qadim musiqa asarlarini tadqiq qilish, mamlakatimiz fondlarida saqlanayotgan 3 mingdan ziyod doston, maqom va folklor asarlarini zamonaviy formatga oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Yana bir muhim yangilik – maqom, katta ashula, baxshichilik, atlas va adras, kulolchilik va zargarlik kabi anʼanalarni davom ettiradigan maktablar yaratiladi.

Oltinchidan, musiqa va raqs sanʼati rivoji qoʻllab-quvvatlanadi. Jumladan, “Bahor” raqs ansambli ilgari Filarmoniya joylashgan mashhur sanʼat saroyida faoliyat yuritadi. Taniqli ashula va raqs ansambllarining xorijga gastrol safarlari koʻpaytiriladi. Musiqa va raqs sanʼati masalalarini ilmiy oʻrganish, sohada ilmiy kadrlarni koʻpaytirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar uchun grantlar joriy qilinadi.

Shuningdek, Toshkent davlat sirki binosi taʼmirdan chiqariladi.

Yettinchidan, xalqaro maydonda oʻzbek madaniy diplomatiyasi kengaytiriladi. Kelgusi yili Toshkentda jahon kreativ iqtisodiyotiga bagʻishlangan konferensiya, Nukusda esa “Orol madaniyati” xalqaro ilmiy anjumani oʻtkaziladi.

Muzeylar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha yetti yillik dastur qabul qilinadi. Tarix muzeyi hamda Sanʼat muzeyining yangi binolari barpo etiladi. Temuriylar tarixi hamda Tabiat muzeylarining ekspozitsiyasi yangilanadi. Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi kapital taʼmirlanadi.

Bundan tashqari, muzeylarimizda, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazida Birinchi va Ikkinchi Renessans, davlatchilik tarixi va buyuk allomalar faoliyati boʻyicha yangi ekspozitsiyalar tashkil qilinadi.

Fransiya bilan hamkorlikda Milliy restavratsiya markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Muqaddas kitob – Usmon Qurʼoni sahifalari konservatsiya qilinadi. 

Yurtimizning koʻhna tarixiga bagʻishlangan 18 ta arxeologiya yodgorligi ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantiriladi.  Samarqandda Sohibqiron Amir Temur bogʻlari qayta tiklanadi, “Buyuk ipak yoʻli” muzeyi barpo etilib, Bibixonim majmuasi restavratsiya qilinadi.

Sakkizinchidan, kino sohasi rivojlantiriladi. Bu borada “Tirik tarix” seriyasida Vatanimizning shonli oʻtmishiga bagʻishlangan filmlar yaratish dasturi ishlab chiqiladi. Bunga xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlar ham jalb etiladi. Shuningdek, bolalar uchun buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yoʻli haqida koʻp qismli animatsion filmlar yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Kinoni iqtisodiyot bilan uygʻun rivojlantirish maqsadida Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida “erkin iqtisodiy kinohududlar” barpo etish vazifasi qoʻyildi.

Milliy seriallar boʻyicha mavjud tizimni tubdan isloh etish, ularni gʻoyaviy-badiiy va texnik jihatdan jozibali darajaga yetkazish zarurligi taʼkidlandi. Buning uchun IT-park kabi erkin iqtisodiy zona – “Cinema park” tashkil qilish tashabbusi ilgari surildi.

Toʻqqizinchidan, tasviriy va amaliy sanʼat sohasini rivojlantirish boʻyicha dastur qabul qilinadi. Jumladan, Markaziy koʻrgazmalar zali rekonstruksiya qilinib, jihozlanadi. Badiiy fond hududida zamonaviy galereya binosi quriladi hamda 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi tashkil etiladi. Xattotlik va miniatyura sanʼati taʼlimini amaliyot bilan bogʻlash maqsadida milliy usulda qogʻoz tayyorlash ustaxonasi tashkil etiladi.

Sohada taʼlim sifatini yaxshilash, musiqa va sanʼat maktablari muallimlarining oyligini oshirish, ushbu maktablarning kommunal xarajatlarini byudjetdan qoplash boʻyicha takliflar bildirildi.

Davlatimiz rahbari oʻzbek tilini oʻqitish samarasini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Milliy sertifikatga ega boʻlgan “Oʻzbek tili va adabiyoti” fani oʻqituvchilariga kelgusi oʻquv yilidan boshlab 50 foiz ustama toʻlanishi qayd etildi.

Shuningdek, boshqa tillarda taʼlim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini oʻrganishga ragʻbatlantirish choralari koʻriladi. Boshqa tillarga ixtisoslashgan maktablarda davlat tilini oʻqitish soatlari koʻpaytiriladi. Oʻzbek tili boʻyicha xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi.

Jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish qoʻllab-quvvatlanadi. Ijodiy buyurtmalar, muallif va tarjimonlarga qalam haqi koʻpaytiriladi. Nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 5 yilga soliqlardan ozod qilinadi.

Prezidentimiz tarjima sanʼatining ahamiyatiga toʻxtalib, bunday mehnatni munosib ragʻbatlantirish uchun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish tashabbusini ilgari surdi.

Internet adabiyotini rivojlantirish ham muhimligi taʼkidlanib, shu maqsadda adabiyot, kino, tarix, sanʼat, folklor namunalarini qamrab olgan “Oʻzbek madaniyati” portalini yaratish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda shoir va yozuvchilar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, soha mutasaddilari oʻz fikr va takliflarini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.