Fargʻona shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 iyul kuni hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
— Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq inson qadrini ulugʻlashni eng oliy qadriyat sifatida eʼtirof etdik. Yangilangan Konstitutsiyamizda ham Oʻzbekiston huquqiy davlat ekanligini muhrlab qoʻydik. Yagona maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash orqali xalqimizni rozi qilish, — dedi davlatimiz rahbari.
Buning uchun vakolatli tuzilmalarga barcha sharoitlar yaratilmoqda. Oxirgi ikki yilda huquq-tartibot faoliyatiga oid 10 ta qonun, Prezidentning 40 ga yaqin farmon va qarorlari, 60 dan ortiq hukumat qarorlari qabul qilindi. Huquq-tartibot organlari, ayniqsa, ichki ishlar xodimlarining oylik maoshi keskin oshirildi va koʻplab imtiyozlar berildi. “Mahalladagi beshlik” uchun 30 mingdan ortiq yangi shtatlar kiritildi. Chunki aholining tinchligini taʼminlash mahalladan boshlanishi kerak.
Lekin oʻtgan 6 oyda mahallalarda barvaqt oldini olish mumkin boʻlgan 12 mingga yaqin jinoyat sodir etilgan. 9 ming 500 ga yaqin mahallaning 1 ming 500 tasida kriminogen vaziyat bor.
Jinoyatchilikni jilovlash va aholi bilan ishlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyganligi uchun Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari, ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari va jamoat xavfsizligi uchun masʼul oʻrinbosariga “hayfsan” eʼlon qilindi.
Sergeli, Yangihayot, Shayxontohur, Gʻijduvon, Kogon, Tuproqqalʼa, Taxtakoʻpir, Tomdi, Yakkabogʻ, Oltinsoy, Zafarobod, Boyovut, Guliston, Mingbuloq, Oltinkoʻl tumanlari ichki ishlar boʻlimi boshliqlari, Andijon, Bandixon, Buvayda, Narpay, Yunusobod tumanlari prokurorlari egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Maʼlumki, Nukus shahridagi “Altin jagʻis” mahallasida jinoyat yoʻliga kirish ehtimoli yuqori aholi bilan yangicha ishlash tizimi joriy qilindi. Unga koʻra, bunday toifaga kiruvchi aholi “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida “mahalla beshligi”ga nomma-nom biriktirildi. Lekin bu tizimni butun mamlakatda joriy etish sust tashkil etilgan.
Endi mahallada jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha yangicha ish tartibiga oʻtilishi belgilandi. “Ijtimoiy profilaktika” boʻyicha mahalla masʼullarining vazifalari va metodikasini ishlab chiqishga koʻrsatma berildi.
Viloyat-tuman-mahalla kesimida ijtimoiy va kriminogen muammolarni raqamlashtirish orqali “Ijtimoiy vaziyat” axborot tizimini, shuningdek, “112” tezkor raqami va dispetcherlik tizimini ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Jinoyat qilgan shaxslarning har uchinchisini yoshlar tashkil qilayotgani afsus bilan qayd etildi. Shu bois uyushmagan yoshlar bilan yagona yondashuv asosida ishlashni yoʻlga qoʻyish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati raisi boshchiligida Idoralararo kengash tuziladigan boʻldi. Bu kengash yoshlar bilan manzilli ishlash dasturlarini amalga oshiradi.
Oilaviy nizolar, ayollar jinoyatchiligi holatlariga ham eʼtibor qaratildi. Ijtimoiy-maishiy muammosi bor oilalar bilan ishlash – davlat idoralarining birinchi galdagi vazifasi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi. Shu maqsadda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Endi ogʻir hayotiy ahvolga tushgan oilalarga yordam berish boʻyicha “ijtimoiy xizmat ishi” ochiladi. “Xavfsiz oila” tamoyili asosida alohida ish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yangi metodikalarni ishlab chiqish, huquq-tartibot xodimlarining bilim va dunyoqarashini yuksaltirish boʻyicha topshiriq berildi.
Yoʻl harakati xavfsizligi ahvolidan odamlar mutlaqo norozi ekani koʻrsatib oʻtildi.
Masalan, oʻtgan olti oyda 4 mingga yaqin avtohalokatlar sodir etilib, 873 nafar shaxs vafot etgan, 3,5 mingdan ortigʻi jarohat olgan.
48 foiz hodisalarga yoʻl infratuzilmasidagi kamchiliklar sabab boʻlgan. Piyodalarga zarur sharoit yaratilmagani oqibatida joriy yilda ular ishtirokida 1 ming 859 ta hodisa yuz berib, 334 nafar piyoda vafot etgan.
Davlatimiz rahbari bu borada tartibni kuchaytirish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surdi. “Yoʻl harakati xavfsizligi – jamoatchilik nazoratida” tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy soʻrov oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. “Avtoyoʻl” va yoʻl harakati xavfsizligiga masʼul rahbarlar parlament va keng jamoatchilikka har yarim yilda hisobot berib boradi.
Endi, yoʻldagi dislokatsiya tushunchasidan voz kechilib, barcha yoʻl-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududi belgilab qoʻyiladi.
Yigʻilishda huquq-tartibot idorasi xodimi degan nomga dogʻ tushirayotgan ayrim rahbarlar faoliyatiga toʻxtalib oʻtildi. Ularning xatti-harakatlariga qonuniy baho berishga koʻrsatma berildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan huquq-tartibot idoralari rahbarlari va viloyat hokimlari axborot berdi.