Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga kelib, Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Qurʼon tilovat qilindi. Alloh taolodan oʻtganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duo oʻqildi.
— Hamma joylarga borib, sohalarga turtki berib, muammolarni hal etib, xalqni rozi qilishga harakat qilyapmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bugun Buxoroga ham yangi marralarni belgilash, odamlarning birini ikki qilish uchun keldik. Hamma xayrli ishlarimizda Allohning oʻzi madadkor boʻlsin.
Olimlar bilan suhbatda diniy taʼlimni rivojlantirish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish zarurligi taʼkidlandi.
— Oxirgi yillarda hamma sohalar qatori din boʻyicha ham ochiqlik, erkinlik berildi, bir nechta ilmiy markazlar tashkil etdik. Lekin bulardan xalqimizga nima manfaat boʻlayapti? Manfaat shunday boʻlishi kerakki, bu salohiyatni jamiyatga yetkazish kerak. Buxoriy, Moturidiy, Margʻinoniy kabi buyuk bobolarimiz merosiga tayangan holda jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish zarur. Buning uchun diniy taʼlimni amaliyot bilan bogʻlash, ilmiy markazlarimizni dunyoda yetakchilarga aylantirish kerak, — dedi davlatimiz rahbari.