Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 21 yanvar kuni Buxoro viloyatiga kelib, vertolyotda Olot tumaniga yoʻl oldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Hududlar iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan joriy yilgi birinchi tashrif mazkur chekka tumandan boshlanayotgani bejiz emas.
2020 yil 27 aprel kuni Buxoro viloyatiga janubdan kuchli shamol kirib kelgan edi. Uy-joylar, infratuzilma va ekinlarga katta zarar yetkazgandi.Davlatimiz rahbari zudlik bilan u yerga yetib borib, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish, turar joylar va ijtimoiy obyektlarni taʼmirlash boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Qisqa muddatda zarur ishlar bajarilib, hayot oʻz maromiga qaytdi.
Bu galgi safar chogʻida Prezident vertolyotda ushbu ishlar qamrovini koʻzdan kechirdi. Xususan, Olot, Qorakoʻl, Jondor, Romitan, Peshku va Shofirkon tumanlarida 45 mingta uy, 204 ta koʻp qavatli turar joy taʼmirlangan. Mingdan ortiq ijtimoiy soha va tadbirkorlik obyektlari, yoʻllar, elektr, gaz va aloqa tarmoqlari tiklangan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Olot tumani markazida Olot, Qorakoʻl, Jondor va Shofirkon tumanlari faollari, mahalla raislari bilan ham uchrashdi.
– Bugun bu yerga kelishimdan maqsad – xalqimizni koʻproq eshitish, ertangi marralarni belgilashda toʻgʻri yoʻl tutish. Tuman hokimlari va mahalla raislari oʻzlarini qiynayotgan muammolarni ochiq-oydin aytib, ularning yechimi boʻyicha takliflarini bildirsa, niyatimiz amalga oshadi, – dedi davlat rahbari.
Hududlarni rivojlantirish dasturi hamda kambagʻallikni qisqartirish rejalari mahallabay tizim asosida ishlab chiqilishi taʼkidlandi.
– Mahalla raisi qachon obroʻli boʻladi? Xalq dardini rahbarlarga loʻnda qilib qoʻysa. Hamma masala avvalo mahallada hal boʻlsagina odamlar rozi boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu yil yoshlar va oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun Qorakoʻl tumaniga 36 milliard soʻm, Olot tumaniga 21 milliard, Jondor tumaniga 49 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi. Qorakoʻl kasb-hunarga oʻqitish markazida 980 nafar ishsiz va chet elda ishlash istagi boʻlgan fuqarolar turli kasblarga oʻqitiladi.
2021-2022 yillarda Olotda 42 ta, Qorakoʻlda 56 ta, Jondorda 67 ta loyiha amalga oshirilib, 3 mingta doimiy ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Olotda loyiha qiymati 20 million dollar boʻlgan logistika markazi, Qorakoʻlda oltingugurtni qayta ishlash korxonasi, Jondorda keramik plitalar ishlab chiqarish obyekti ishga tushiriladi. Kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.
Qishloq xoʻjaligida ham foydalanilmagan imkoniyatlar bor. Joriy yilda 18 kilometr melioratsiya tarmoqlari qurilib, Janubiy Olot xoʻjaliklararo kollektori rekonstruksiya qilinadi. Natijada foydalanishdan chiqqan yerlar qayta oʻzlashtirilib, bozorbop mahsulotlar yetishtiriladi.
Prezidentimiz ijtimoiy sohalarni rivojlantirish masalalariga alohida toʻxtaldi. Xususan, Olot tumanida kinoteatr va kutubxonani oʻz ichiga olgan Maʼnaviyat va madaniyat markazi qurilishi qayd etildi. Shuningdek, maktab, bolalar bogʻchasi, tibbiyot muassasalari, ijtimoiy xizmat obyektlari barpo etiladi.
Bu yil Qorakoʻldagi Xalqaro matematika maktabi rekonstruksiya qilinib, 200 oʻrinli yotoqxona qurilishi taʼkidlandi. Bu dargohning iqtidorli yoshlari IT sohasiga jalb qilinadi.
Jahon banki ishtirokidagi Olot va Qorakoʻl tumanlari ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha 139 million dollarlik loyiha yakunlanib, 265 ming aholi ichimlik suvi bilan taʼminlanadi. Bu ikki tumanda 30 yilda ichimlik suvi taʼminoti 17 foiz boʻlgan, joriy yilda bu koʻrsatkich 90 foizga yetadi.
Davlatimiz rahbari uchrashuvda mahalliy aholining murojaatlarini inobatga olib, Olot-Toshkent temir yoʻl qatnovi qayta tiklanishini maʼlum qildi.
Bugun butun mamlakatda uygʻonish davri. Loqaydlik, oʻziboʻlarchilik bilan oʻzgarish boʻlib qolmaydi. Xalqqa sharoit yaratish, tashabbuskorlarga koʻmaklashish, tinimsiz intilish va mehnatgina natija keltiradi. Uchrashuv mana shunday ruhda oʻtdi.