Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 iyul kuni Toshkent shahridagi 21-Mehribonlik uyini borib koʻrdi.
Bu muassasada 122 nafar oʻgʻil-qiz tarbiyalanmoqda. Ularning 47 nafari yetim, 75 nafari ijtimoiy yetim bolalardir. Taʼlim maskanida malakali oʻqituvchilar, psixolog, logoped, defektologlar faoliyat yuritmoqda. Robototexnika, mental arifmetika, sartaroshlik, pazandalik, tikuvchilik toʻgaraklari tashkil etilgan. Sport mashgʻulotlarida bolalar salomatligini mustahkamlash bilan birga respublika va xalqaro musobaqalarda sovrindor ham boʻlmoqda.
Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, bolalarning mashgʻulotlarini koʻzdan kechirdi.
— Bugun kelishimizdan maqsad sizlar bilan koʻrishib, sizlarning timsolingizda barcha tarbiyalanuvchilar uchun sharoitlarni bundan-da yaxshilash, iloji boricha, oiladagidek muhit, tarbiya tashkil qilish. Hamma bilan teng boʻlib taʼlim-tarbiya olishingiz, oliygohlarda oʻqib, kasb egallashingiz, uy va ish bilan taʼminlanib, hayotda munosib oʻrin topishingiz uchun imkoniyatlar yaratamiz. Shuni bilinglarki, sizlarning ota-onangiz, vataningiz bor. Davlat sizlarni hech qachon eʼtiborsiz qoldirmaydi, — dedi Prezident.
Mehribonlik uyida sharoitlar yaxshi. Lekin bolalar bilan yakka tartibda ishlash, ularni kasbga yoʻnaltirish talab darajasida emas. Tarbiyalanuvchilarning 18 yoshdan keyingi mustaqil hayoti, oliy maʼlumot olishi va bandligiga koʻmaklashuvchi masʼul idora yoʻq.
Shu bois davlatimiz rahbari barcha Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi masʼulligiga oʻtkazish taklifini bildirdi.
– Bu muassasalarning moddiy homiysi bor, maʼnaviy homiy kerak. Bu ham savob, ham kerakli ish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mamlakatimizda 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasi bor. Ularda 1 ming 823 nafar oʻgʻil-qiz yashab, oʻqimoqda. 86 ta maxsus maktab-internatda 21 ming 363 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ushbu muassasalar, sinov tariqasida, Milliy gvardiya masʼulligiga oʻtkazilishi belgilandi. Bolalarga ixtisoslashgan taʼlim berish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha metodika yaratish vazifasi qoʻyildi. Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarni fan, sanʼat va sport tashkilotlari bilan bogʻlab, tarbiyalanuvchilarning qobiliyatini rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.