Prezident milliy kino sanʼati va kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi

0
200
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 29 dekabr kuni milliy kino sanʼati va kinoindustriyamizni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va bu borada mavjud muammolarni hal etish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Yigʻilishda Bosh vazir, tegishli vazirlik va idoralar, “Oʻzbekkino” milliy agentligi va uning tizimidagi ijodiy tashkilotlar rahbarlari, kinoijodkorlar vakillari ishtirok etdi.

Dunyo miqyosida turli gʻoya va mafkuralar kurashi, odamlar, ayniqsa, yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun turli kuchlar oʻrtasida raqobat keskin tus olgan bugungi kunda eng ommaviy sanʼat boʻlgan kinoning beqiyos imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz kerak, deb taʼkidladi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev.

Harakatlar strategiyasida koʻzda tutilgan mamlakatimizni modernizatsiya qilishning ustuvor vazifalari barcha soha va tarmoqlar qatori kino sanʼatini ham takomillashtirish, soha uchun yangi imkoniyatlar yaratishni talab qilmoqda. Shu maqsadda  Prezidentimizning shu yil 7 avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda kino sanʼati va kinoindustriyasini izchil taraqqiy ettirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida muhim huquqiy hujjat boʻlib xizmat qilmoqda.

Yigʻilishda kinoijodkorlarimiz bunday shart-sharoitlardan samarali foydalanib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni istiqlol gʻoyalari ruhida tarbiyalashga koʻmaklashadigan, boy tariximiz, buyuk ajdodlarimizning betimsol jasorati, zamondoshlarimizning fidokorona mehnatini aks ettiradigan filmlar koʻrish haqidagi orzularini amalga oshirish yoʻlida barcha kuch va imkoniyatlarini ishga solishlari lozimligi taʼkidlandi.

Prezidentimiz soha oldida turgan dolzarb vazifalar haqida toʻxtalib, kino sanʼatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari, tajriba va malaka oshirishini tashkil etish bilan bogʻliq ishlarni jadallashtirish va uni tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish  zarurligini alohida qayd etdi.

Jumladan, viloyatlarimizda madaniyat va sanʼat kollejlari, poytaxtimizda esa Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Nukus va Qoʻqon shaharlarida uning filiallari faoliyatini takomillashtirish, kino sohasi uchun ssenarist va rejissyorlar, operator va aktyorlar tayyorlanayotgan bu taʼlim dargohlarining ilmiy va ijodiy saviyasi, oʻquv dasturlari va metodikasini zamonaviy talablar asosida ishlab chiqish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi. 

Yana bir muhim masala – hududlarda kinoteatrlar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq ishlar ham atroflicha muhokama qilindi. 1996 yilga qadar mamlakatimizda  mavjud boʻlgan 342 ta qishki va yozgi kinoteatrlarning 323 tasi oʻtgan yillar mobaynida xususiylashtirilib yuborilgan. Ularning asosiy qismi savdo majmuasi, toʻyxona, bozorga aylantirilib, faoliyati butkul oʻzgartirilgan yoki buzib tashlangan. Bugungi kunda mulkchilik shakli turlicha boʻlgan 176 ta kinoteatrdan 8 tasi avariya holatida, 65 tasi jiddiy taʼmirtalab, qolganlarining deyarli yarmi faoliyat koʻrsatmaydi.

Ana shulardan kelib chiqqan holda, viloyat va tumanlarda kinoteatrlar faoliyatini qatʼiy yoʻlga qoʻyish boʻyicha tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.  

Shuningdek, kinoprokat tizimi ham qoniqarsiz ekani, bu yaratilayotgan filmlarni muntazam namoyish etib borish, boshqacha aytganda, aholiga kino xizmati koʻrsatish koʻlamini kengaytirish imkoniyatini cheklab qoʻyayotgani tanqid qilindi. 

Bugungi kunda xususiy kinostudiyalar soni ham koʻpayib bormoqda. Buni ijobiy hol sifatida baholash mumkin. Biroq soha boʻyicha professional bilimga ega boʻlmay, oʻqib-oʻrganmay, haqiqiy ustoz tarbiyasini olmay, bu sohada kutilgan natijaga erishish mumkin emasligi, buning uchun alohida  tizim yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Davlat tomonidan beriladigan ijodiy grantlar uchun oʻtkaziladigan tanlovlarda xususiy studiyalarning ishtiroki oʻziga xos sogʻlom ijodiy raqobatni yuzaga keltiradi, dedi davlatimiz rahbari. Raqobat bor joyda albatta rivojlanish, yangilik boʻladi. Milliy kinomizning taraqqiyoti uchun bu nihoyatda muhim ahamiyatga ega. 

Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni  qoʻllab-quvvatlash yilida barcha sohalar qatori milliy kinoindustriyamizni ham innovatsion yondashuvlar asosida rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish kerakligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda sohadagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga topshiriq va koʻrsatmalar berildi. Jumladan, kinematografiya sohasini rivojlantirish borasida qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlash, xorijiy kinostudiyalar va kinoijodkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ular bilan hamkorlikda filmlar yaratishni yoʻlga qoʻyish gʻoyat muhim ekani qayd etildi.

Biz buyuk xalqimizni ulugʻlamoqchi, Oʻzbekiston nomini butun dunyoga tarannum etmoqchi ekanmiz, bu ishni birinchi navbatda kino sanʼati yordamida amalga oshirishimiz kerak. Aynan kino sanʼati orqali jahon ekranlarini zabt etishimiz, shu yoʻl bilan dunyo ahlining diqqat-eʼtiborini qozonishimiz mumkin. Buning uchun yana bir bor kuch va imkoniyatlar, ijodiy salohiyatni ishga solishimiz kerak, dedi pirovardida davlatimiz rahbari.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.