Prezident moʻynoqliklar bilan muloqot qildi

0
154
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 fevral kuni Moʻynoq shahriga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu gal yangiliklar, oʻziga xos jihatlar koʻp. Xususan, birinchi raqamli bort ilk bor Toshkentdan Moʻynoqqa keldi. Tashrif ham, avvalgilardan farqli ravishda, uch kun boʻladi.

Yana bir yangilik — Orolboʻyi hududini birgalikda rivojlantirish maqsadida Qoraqalpogʻiston tumanlari bittadan viloyatga biriktirilgan. Shu bois bu yerga Toshkent shahri va viloyat hokimlari ham kelgan. Ular oʻzlariga biriktirilgan hududlar boʻyicha taqdimotlar oʻtkazadi.

Maʼlumki,Moʻynoq mamlakatimizning olis hududlaridan biri. Eng yaqin shahar – Qoʻngʻirotgacha 100, Qoraqalpogʻiston markazi – Nukusgacha 200 kilometr masofa bor. Bu kommunikatsiyada qiyinchilik tugʻdirishi tabiiy.

Shu bois moʻynoqliklarning hayoti, sharoitlariga davlatimiz rahbarining eʼtibori boshqacha. Bu hududni rivojlantirish boʻyicha ikkita qaror qabul qilinib, manzilli dasturlar amalga oshirilgan. Prezidentimizning oʻzi ham Moʻynoqqa ikki marta – 2018 va 2019 yillarda tashrif buyurgan.
Oʻshanda bu yerda transport kommunikatsiyalarini yaxshilash boʻyicha koʻrsatma berilgan edi. Shunga muvofiq, avtomobil yoʻllari taʼmirlandi. Moʻynoq aeroporti yangilanib, ishga tushirildi.

Bu “havo porti” 1947 yilda qurilgan boʻlib, ilgari kichik samolyotlarni qabul qilgan. Keyinchalik umuman ishlamay ham qolgan edi. Bugun hayotga qaytgan bu aeroportga ilk bor Oʻzbekiston Prezidentining samolyoti kelib qoʻndi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Aeroportda 50 nafar yoʻlovchiga moʻljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qoʻnish yoʻlagi va maydonchalar taʼmirlangan. Majmua atrofi koʻkalamzorlashtirilgan.

Prezident shu yerda moʻynoqlik yoshullilar, mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar bilan uchrashdi.

–  Oxirgi besh yilda koʻp narsani oʻrgandik, ilgari ishonilmagan narsalarga ishondik. Men birinchi kelganimda «madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi» degandim. Shunday boʻlayapti. Mana shu aeroport ham bir misol. Endi Toshkent — Moʻynoq — Nukus aviaqatnovi yoʻlga qoʻyiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tashrifdagi yana bir yangilik – Orolboʻyini birgalikda  rivojlantirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlari muayyan viloyatlarga biriktirilgan. Prezident buning sababi va ahamiyatini tushuntirib berdi.

–  Orolboʻyida ahvol yomon deb koʻpchilik gapiradi. Lekin hamma ham bu yerga kelib koʻrmagan. Orolning havosidan nafas olishi, sharoitni koʻrib, adolatli baho berishi uchun bu yerga butun respublikadan rahbarlarni yubordim. Qoraqalpogʻiston rivojiga katta mablagʻ yoʻnaltiramiz, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Moʻynoqdagi dolzarb masalalar, kelgusi ishlar boʻyicha aholi fikrini soʻradi.

– Bu yerda qiyinchiliklarda toblangan, mehnatkash odamlar yashaydi. Faqat ularga ishlash uchun sharoit yaratib berishimiz kerak. Lekin qanday korxona quramiz? Nima ishlab chiqaramiz? Uning bozori nima boʻladi? Samolyot kelgani bejiz emas. Endi mahsulotlarni tashish osonlashadi. Shuning uchun sizlardan iltimosim: achchiq, asosli, manfaatli gaplarni aytinglar. Birgalikda yaqin ikki yilga aniq rejalarni belgilab olishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jamoatchilik vakillari hududdagi muhim masalalar boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi. Prezidentimiz ularni qoʻllab-quvvatlab, mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Qishloq xoʻjaligi tarmoqlari bilan birga xizmat turlarini kengaytirish, xususan, koʻngilochar oʻyinlar uchun soliq imtiyozlari berish zarurligini taʼkidladi. Bu ichki turizm rivojiga, ish oʻrinlari ochilishiga xizmat qiladi.

Moʻynoq tumaniga Toshkent viloyati biriktirilgan. Uchrashuvda ushbu viloyat tadbirkorlari tomonidan Moʻynoq tumanida amalga oshiriladigan ishlar haqida aholi vakillari oldida taqdimot oʻtkazildi. Qayd etilganidek, bu yerda istirohat bogʻi quriladi, qoʻshimcha quvur tortib kelinadi. Keksalar sanatoriy, bolalar oromgohlarga yuboriladi. Davlatimiz rahbari aholi salomatligi masalasiga alohida eʼtibor qaratib, bu yerga kelib ishlaydigan shifokorlarga oylik ustamalar berish, uy bilan taʼminlash muhimligini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.