Xalqimiz ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 15 avgust kuni xastalik tufayli vafot etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼziyali xonadonga tashrif buyurib, marhumning oila aʼzolariga hamdardlik bildirdi.
Usmonxon Alimov 1950 yil 1 yanvarda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tugʻilgan. Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, Toshkent islom institutida, Marokash davlatining Qaraviyyin universitetida tahsil olib, islom dini asoslarini, arab va fors tillarini chuqur oʻrgangan.
U 1980-2006 yillarda Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy masjidida imom noibi, imom-xatib vazifalarida ishlagan. 2000-2006 yillarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi boʻlgan.
Usmonxon Alimov 2006 yildan buyon Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Boy bilim va tajribasini ezgu amallarga safarbar etdi.
Davlatimiz rahbarining tashrifi, hamdardlik soʻzlari ogʻir judolikka uchragan koʻngillarga taskin boʻldi.
Marhumning haqiga duo qilindi.
Prezidentimiz muftiyning ezgu ishlarini yodga oldi.
– Hammamiz uchun katta yoʻqotish boʻldi. Ulugʻ inson edilar. Bilimi, mehnatsevarligi, kamtarinligi bilan elimizda obroʻ topgan edilar. Bu balo butun dunyoga azob olib keldi, qancha yoʻqotishlar boʻlayapti. Qoʻlimizdan kelgan hamma harakatni qildik. Lekin Allohning irodasi ekan. Ilohim, joylari jannatda boʻlsin. U kishini yaxshi nom bilan eslab, ishlarini davom ettirib, ruhlarini shod qilaylik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.