“Yangi Oʻzbekiston” bogʻida davlatimiz mustaqilligining 31 yilligiga bagʻishlangan bayram shodiyonasi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni bu ulugʻ ayyom bilan tabrikladi.
– Bundan oʻttiz bir yil muqaddam jahon xaritasida “Oʻzbekiston Respublikasi” degan yangi, mustaqil davlat paydo boʻldi. Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdugʻaniyevich Karimov boshchiligida mamlakatimizning milliy mustaqilligini dunyoga eʼlon qildik. Oradan yillar, asrlar oʻtadi. Lekin milliy davlatchiligimizni, oʻzligimiz va insoniy haq-huquqlarimizni tiklab bergan, barcha yutuq va marralarimizning zamini boʻlgan Mustaqillik kuni biz uchun, kelgusi avlodlarimiz uchun doimo eng ulugʻ, eng aziz bayram boʻlib qoladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Inshoolloh, shunday boʻlgay. Chunki erksevar xalqimiz uchun bu bayram juda qadrli. Mustaqillikka ne-ne jafolardan soʻng, sabr-matonat bilan erishildi. Mehnat, mashaqqatlar bilan yildan-yilga mustahkamlandi. Bugun Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz boʻldi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosiy talabga aylandi.
Mamlakatimiz pandemiya va global inqirozning salbiy taʼsirlariga qaramasdan, erkin, obod va farovon hayot qurish yoʻlidan dadil olgʻa bormoqda. Sanoat tarmoqlari va hududlar rivoji ijtimoiy masalalarni hal etish imkonini bermoqda.
Milliy qadriyatlarimizda alohida oʻrin tutadigan avlodlar oʻrtasidagi anʼanalar davomiyligini saqlash, keksalarning hayotini yanada mazmunli qilish eʼtiborda. Yoshlar va xotin-qizlarning oʻqishi, kasb egallashi, qobiliyatini yuzaga chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Yaqinda Hindistonda boʻlib oʻtgan jahon shaxmat olimpiadasida terma jamoamiz tarixda birinchi marta Olimpiya chempioni boʻlgani butun xalqimizni quvontirdi.
Mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi ham oshib bormoqda. Xorijiy davlatlar va tashkilotlar bilan hamkorlikda ulkan iqtisodiy-ijtiomiy loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Davlatimiz rahbari tantanali marosimda ishtirok etayotgan chet davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini ham qutladi.
Bugungi kunda mamlakatimiz milliy tiklanish davridan milliy yuksalish davriga oʻtmoqda. 2026 yilgacha boʻlgan Taraqqiyot strategiyasi amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tabrik soʻzida davlatimizning tavsifini bunday izohladi:
“Yangi Oʻzbekiston har bir fuqaroning hayotini yanada yaxshilash maqsadida davlat xizmatlaridan foydalanish uchun keng imkoniyatlar beradigan, odamlar oʻz muammolari haqida ochiq gapirishi va ularning yechimi uchun birgalikda harakat qilishlariga barcha sharoitlar mavjud boʻlgan, hamma uchun adolatni soʻzsiz taʼminlash imkoniyatini beradigan hamda fuqarolari ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida teng boʻlgan, tadbirkorlikning rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan davlatdir”.
Yurtimizda boʻlayotgan ishlarga nazar tashlansa, haqiqatda bularning ijobatini koʻrish mumkin. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari oʻz nutqida bundan keyingi beshta asosiy yoʻnalishni koʻrsatib oʻtdi.
Birinchisi – taʼlim sohasida eng qulay sharoitlar yaratish. Buning uchun maktablarning oʻquv dasturlari, oʻqitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta koʻrib chiqiladi, maktablar qurish, ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini ragʻbatlantirish davom ettiriladi.
Ikkinchisi – sud tizimining mustaqilligini mustahkamlash. Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanadi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.
Uchinchisi – tadbirkorlikni rivojlantirish. Buning uchun xususiy mulk va tadbirkorlikka xalaqit berayotgan barcha toʻsiqlar bartaraf etiladi. Davlat boshqaruvi isloh qilinib, iqtisodiyotda davlat ishtiroki keskin kamaytiriladi.
Toʻrtinchisi – sogʻliqni saqlash tizimida aholiga sifatli va malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi. Barcha hududlarda shoshilinch tibbiy yordam qamrovi oshirilib, odamlarga yanada yaqinlashtiriladi.
Beshinchisi – ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash. Buning uchun sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmi keskin koʻpaytiriladi. Muammoli hududlarga toza ichimlik suvini yetkazish va sifatini yaxshilash boʻyicha alohida dasturlar amalga oshiriladi.
Mard va mehnatsevar xalqimiz koʻmagida bu vazifalar samarali bajarilishi, yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bu yoʻlda mustahkam huquqiy asos boʻlishi taʼkidlandi.
– Bugun biz oʻz oldimizga ulugʻvor va yuksak maqsadlarni qoʻymoqdamiz, – dedi Prezident. – Ana shunday ulkan marralarga yetish yoʻlida koʻpmillatli el-yurtimiz yanada birlashib, yagona ahil oila, yagona xalq boʻlib, astoydil harakat qilmoqda. Bu – biz erishayotgan barcha yutuqlarimizning mustahkam garovi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Davlatimiz rahbari islohotlarni qoʻllab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda fidoiylik koʻrsatayotgan xalqimizga chuqur hurmatini izhor etib, ezgu tilaklar bildirdi.
– Siz, aziz yurtdoshlarimni Oʻzbekiston mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayrami bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman. Ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin! Yaratganning oʻzi barchamizni panohida asrasin! Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin, – deya soʻzini yakunladi Prezidentimiz.
Bayram tantanali konsert dasturi bilan davom etdi. Televideniye orqali barcha hududlarga, xonadonlarga yetib borib, yurtdoshlarimizga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.