Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi Namangan” shaharchasi loyihasi bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mazkur loyiha uchun Davlatobod tumanining Yuksalish hamda Toʻraqoʻrgʻon tumanining Yettikon mahallalari hududidan 1 ming 371 gektar yer ajratilgan. U yerda 410 ta koʻp qavatli uy, 7 ta maktab, 4 ta bolalar bogʻchasi, shuningdek, koʻplab infratuzilma inshootlari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Bu boradagi ishlar allaqachon boshlangan boʻlib, Yuksalish mahallasidagi bunyodkorlik uning birinchi bosqichi hisoblanadi. 2018-2021 yillarda amalga oshirilgan bu bosqich doirasida 71 ta koʻp qavatli uy qurildi. “Yuksalish”, “Yoshlar” va “Kushon” kichik sanoat zonalari tashkil etildi. Joriy yil oxirigacha yana 11 ta uy bunyod etiladi.
Loyihaning ikkinchi bosqichi 2022-2024 yillarga moʻljallangan. Bu boʻyicha Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi tomonidan bosh reja ishlab chiqilgan. Davlatimiz rahbariga mazkur bosh reja haqida maʼlumot berildi. Unga koʻra, ikkinchi bosqichda 30 ming xonadondan iborat 16 va 24 qavatli uylar, maktab va bogʻchalar, shifoxona, sport majmualari, masjid, kutubxona, IT-park, mehmonxona, biznes markazi, savdo va servis obyektlari qad rostlaydi.
Shuningdek, 95 gektar yerda “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” barpo qilinadi. Shavkat Mirziyoyev mazkur bogʻ loyihasi taqdimoti bilan ham tanishdi. 2022 yilda qurib bitkaziladigan majmuada Namangan ramzi boʻlgan gullar bogʻi, sunʼiy koʻl, favvoralar, 1 ming 500 oʻrinli amfiteatr, avtoturargoh, savdo shoxobchalari tashkil etiladi.
Loyihaning 2024-2026 yillarga moʻljallangan uchinchi bosqichi ham bor. Mazkur “aqlli” shaharcha toʻliq qurib bitkazilganda aholiga shu yerning oʻzida yashashi, ishlashi va dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratiladi. Natijada 2026 yilga borib Namangan bir million aholi istiqomat qiladigan yirik shaharga aylanadi.