Namangan shahrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rejalari muhokamasi yuzasidan ochiq muloqot oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Soʻnggi besh yilda Namangan viloyatida korxonalar soni 15 mingtaga koʻpayib, 32 mingtadan oshdi. Shu davrda xususiy biznes ishlab chiqargan mahsulotlar hajmi 1,6 baravar oʻsib, 8,3 trillion soʻmga yetdi. Bu – respublika boʻyicha eng yuqori surʼatlar.
– Tasavvur qiling, olti yil avval dotatsiyada boʻlgan viloyat bugungi kunda mustahkam daromadga ega boʻldi, zamonaviy sanoat va kuchli tadbirkorlar shakllandi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Oddiy qilib aytganda, Namangan hech mubolagʻasiz tadbirkorlar yurti, kichik va oʻrta biznes markaziga aylandi.
Yigʻilishda, avvalo, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalasiga eʼtibor qaratildi.
Tahlillarga koʻra, bu yil qishdagi sovuq oqibatida yurtimizdagi 3 mingta hududiy sanoat korxonasida ishlab chiqarish pasaygan. Yana koʻplab tadbirkorlarning soliq qarzdorligi oshgan.
Shu bois, Prezidentimiz iqtisodiyotda yoʻqotishlar oʻrnini qoplash va biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun alohida qaror imzolaganini aytdi. Unga koʻra, sovuqdan qiyinchilik koʻrgan tadbirkorlarga kredit, soliq, bojxona va boshqa toʻlovlar boʻyicha yengilliklar beriladi.
Jumladan, 2 ming nafar kichik va oʻrta tadbirkorlarning yanvar-martda muddati keladigan 4,7 trillion soʻm kredit toʻlovlari 1 iyunga qadar uzaytiriladi. 29 mingta tadbirkorga 2 trillion soʻm soliq qarzini 1 iyulga qadar foizsiz, qoʻshimcha garovsiz va penyasiz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi. Quvvati pasaygan 545 ta sanoat korxonasiga ishlab chiqarishni tiklash va aylanma mablagʻ uchun 8 trillion soʻm kredit ajratiladi. Davlat mulki xaridi va ijarasi boʻyicha toʻlovlar boʻyicha ham yengilliklar beriladi. Ishlab chiqarish binolarining har bir yuqori qavati uchun tadbirkorlarga mol-mulk soligʻidan 10 foizdan chegirma joriy etiladi.
Bu imkoniyatlar tadbirkorlar tomonidan xursandchilik bilan qabul qilindi.
– Namangan iqtisodiyotini rivojlantirish hisobiga, bu yil 500 mingga yaqin aholi bandligini taʼminlash boʻyicha katta marralarni olganmiz. Bu rejalarni faqat va faqat tadbirkorlarga tayanib, ularni qoʻllab-quvvatlab erishish mumkin, – dedi davlatimiz rahbari.
Buning uchun viloyatda oilaviy tadbirkorlik uchun bu yil 950 milliard soʻm yoki 2 baravar koʻp imtiyozli kreditlar ajratiladi. Maxsus toʻqimachilik zonasi tashkil etiladi hamda 15 ta sanoat zonasi infratuzilmasiga 75 milliard soʻm ajratiladi. Shuningdek, har bir tumanda kamida 2 tadan mikromarkaz oʻz faoliyatini boshlaydi.
Energetika vazirligiga tadbirkorlarning energiya taʼminotini kunlik nazoratga olib, izchil yetkazib berish vazifasi qoʻyildi.
Aholiga dehqonchilik uchun tarqatiladigan 9,5 ming gektar yerda bozorbop oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish zarurligi aytildi.
Xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, yoshlar bandligini taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Muloqotda Prezident tadbirkorlarning yangi taklif va tashabbuslarini eshitdi.