Prezident namunaviy yoʻl infratuzilmasini koʻzdan kechirdi

0
64
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qorakoʻl tumanida yangi loyiha asosida taʼmirlangan avtomobil yoʻlini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Buxoro viloyatida 15 ming 400 kilometr avtomobil yoʻllari mavjud. Shundan 486 kilometri xalqaro ahamiyatga ega. Ularda kuniga oʻrtacha 45-50 mingta transport vositalari harakatlanadi. Shu yil 29 yanvarda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari bu sohaga alohida toʻxtalib, yoʻllarni sifatli qurish, koʻchalar boʻyida xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. Bu borada barcha hududlarda ishlar boshlab yuborilgan.   

Jumladan, Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi avtomobil yoʻlining Qorakoʻl tumanidan oʻtgan bir qismi namunaviy shaklga keltirildi. Loyihaga koʻra, 4 tasmali yoʻl yangicha qatlamli asfalt-beton bilan qoplangan. Bunda mustahkamligi yuqori innovatsion materiallardan foydalanilgani evaziga yoʻlning sifati oshgan. Masalan, hozirgi anʼanaviy asfalt yoʻllar oʻn besh yil atrofida qayta qurilsa, yangi loyiha boʻyicha yigirma yilgacha xizmat qiladi. Ularni joriy taʼmirlash oraligʻi ham uzayadi. Yana bir samarali tomoni, taʼmirlash jarayonida yoʻl qatlamlarini oʻsha joyning oʻzida qayta ishlab, yangilash mumkin boʻladi.

Davlatimiz rahbari aholi manfaatiga qaratilgan bunday ishlarni kengaytirish zarurligini taʼkidladi.

— Asosiy vazifa — yoʻllarda sifat va madaniyatni taʼminlash, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi loyihada bu masala ham inobatga olingan. Yoʻl sifatini saqlash maqsadida, meʼyordan ortiq yuk tashuvchi transport vositalarining vazn parametrlarini vaqti-vaqti bilan oʻlchovchi koʻchma tarozi qoʻyiladi.  

Shuningdek, bu yerda yondosh shoxobcha yoʻl ham qurilgan. Yangi belgilar, elektron tablo va quyosh panelli yoritish chiroqlari oʻrnatilgan. Yoʻl boʻyiga manzarali daraxt koʻchatlari ekilgan.

Prezidentimiz bu jihatga alohida toʻxtalib, daraxt ekish yoʻl qurilishi bilan birga olib borilishi shart ekanini taʼkidladi. 

Shu yerda transport va bunyodkorlik loyihalari taqdimot qilindi.

Buxoro viloyatida bu boradagi rejalar koʻp. Ilgari bir yilda oʻrtacha 250-300 kilometr yoʻl ishlari bajarilgan boʻlsa, birgina 2023 yilda 1 ming 255 kilometr yoʻllar taʼmirlangan. Bu yil hudud boʻyicha 1 ming 316 kilometr yoʻlni rekonstruksiya qilish va taʼmirlash rejalashtirilgan.

Shularning davomi sifatida Gʻijduvon tumanidan Turkmaniston chegarasigacha 155 kilometr yoʻlni rekonstruksiya qilish loyihasi maʼqullandi.

Yoʻlsozlik sohasida kadrlar tayyorlash, mutaxassislarning rivojlangan davlatlarda malaka oshirishini tashkil etish lozimligi taʼkidlandi.

Buxoro shahrini rivojlantirish konsepsiyasi ham koʻrib chiqildi. Unga koʻra, shaharda “Yangi Oʻzbekiston” massivi va bogʻi bunyod etilishi rejalashtirilgan.  Bogʻda Buxoro tarixi zamonaviy yondashuvlar asosida namoyon etilishi koʻzda tutilgan. Bu loyihaning gʻoyaviy mazmuni va texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.