Prezident Nukusdagi mahallada mehmon boʻldi

0
166
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi “Chimboy guzari” mahallasida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Aholining turmush sharoitlarini koʻrish uchun aynan shu joyga kelingani bejiz emas. Odamlar bu yerga 2000-yillardan oʻrnasha boshlagan. Uylar rejasiz qurilgani sababli koʻchalar tartibsiz boʻlib qolgan, elektr energiyasi va ichimlik suvi yetishmasdi. 

Hozirga kelib mahalla aholisi 14 mingdan oshgan. Bu yerda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalasi dolzarb boʻlib bordi. Va hudud yaqinda «Obod mahalla» dasturi doirasida obodonlashtirildi. Koʻchalar taʼmirlanib, piyodalar yoʻlakchasi qurildi.

Transformator va ustunlar oʻrnatilib, elektr tarmoqlari tortildi. Ariqlar tozalanib, daraxtlar ekildi.

Mahallada ish joyi va tibbiy xizmat yoʻq edi. Shu bois yengil konstruksiyadan toʻqimachilik korxonasi tashkil etildi. Bu yerda 300 dan ortiq xotin-qiz ish bilan taʼminlandi. Davlatimiz rahbari ular bilan suhbatlashdi.

— Mahalladagi oʻzgarishlarni, sizlarning ishli boʻlganingizni koʻrib, xursand boʻldim. Qoʻlida hunari bor ayolning kayfiyati yaxshi, oilasi ham barqaror boʻladi. Bunday ishlarni hali koʻp qilishimiz kerak. Albatta, qiyin boʻladi. Lekin biz bir oilamiz. Birlashib, hamma rejalarni amalga oshira olamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bu yerda mahalla markazi qurish, shahardagi boshqa ogʻir hududdarni ham obod qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. 

Shu yerdagi tibbiy xizmat punkti ham koʻzdan kechirildi. Qoraqalpogʻistonda yangi klinikalar qurish, tibbiyot klasterlari tashkil etish rejalari muhokama qilindi.  

Mahallaning “Koʻktepa” koʻchasidagi 8 ta uy namunaviy xonadonga aylantirilgan. Hovlilar tartibga keltirilib, issiqxonalar qurilgan. Prezident ulardan biri — Gabit Jusupov xonadonida mehmon boʻldi.

— Kechadan beri Qoraqalpogʻistonning eng uzoq, eng ogʻir hududlariga borayapmiz. Hozir menga aytishdi: Nukusda sharoiti yomon yana yettita mahalla bor ekan. Ularni ham obod qilish, yoʻlini, suvini, elektrini toʻgʻrilash boʻyicha rejalarni belgiladik, — dedi davlatimiz rahbari.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.