Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi «Sharq tongi» mahallasida boʻldi. U yerda qariyb 3 ming aholi istiqomat qiladi. Oilalar, asosan, tadbirkorlik va hunarmandchilik bilan shugʻullanadi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari shu mahallada yashovchi Abdunabi Abdunasimov xonadoniga kirib, yashash sharoitlari, fikrlari bilan qiziqdi.
Abdunabi ota sogʻliqni saqlash sohasida ishlab, nafaqaga chiqqan. Turmush oʻrtogʻi Gulchehra aya bilan besh farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ayni paytda farzandlari, nabira va evaralari eʼzozida yashamoqda.
Mehnat faxriylari oila hayoti, kechagi va bugungi kunlar farqi haqida soʻzlab berdi.
— Ilgari davlat, jamiyat, inson degan tamoyil bor edi. Biz endi inson, jamiyat, davlat deyapmiz. Inson qadrini birinchi oʻringa qoʻyayapmiz. Hamma ijro organlari, iqtisodiy kompleks quyi tizimga tushib, odamlarga koʻmakchi boʻladi. Shu bilan birga, insonning oʻzi ham harakat qilishi, sharoitlardan unumli foydalanishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xonadondan chiqqanda nuroniylar, mahalla faollari bilan samimiy suhbat boʻldi. Ular mamlakatimizdagi, iqtisodiyot tarmoqlaridagi oʻzgarishlar har bir shahar va tumanda sezilayotgani haqida gapirdi.
— Oxirgi yillardagi harakatlarimiz tufayli hokimliklarda mahalliy byudjet paydo boʻldi. Bu yoʻq edi, — dedi Prezident. — Endi mahallalarda byudjet tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Tasavvur qilinglar, oʻzining puli boʻlsa, mahalla qanday oʻzgaradi — yoʻlini toʻgʻrilaydi, suv olib keladi, shoxobcha ochadi. Kelgusida mahallaga pul ham kiradi, talab ham boshqacha boʻladi.
Nuroniylar yurtimizga tinchlik, xalqimizga toʻqlik-farovonlik tilab duo qildi.