Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 mart kuni Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatini borib koʻrdi. Yotoqxona va davolash xonalarida yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Davlatimiz rahbari muassasada yashayotgan faxriylar bilan suhbatlashdi.
— Bu yerga kelib, Vatanimiz uchun koʻp mehnat qilgan sizdek moʻtabar insonlar bilan uchrashib turganimdan juda xursandman. Fursatdan foydalanib, bu yerdagi aziz onaxonlarimizni, shifokor ayollarimizni yaqinlashib kelayotgan 8 mart bayrami bilan tabriklayman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nuroniylar davlatimiz rahbariga tashrifi, keksa avlodga eʼtibori uchun minnatdorlik bildirdi.
Urush va mehnat faxriylari pansionatida 138 nuroniy davlat taʼminotiga olingan. Prezidentimiz bu yerda madaniy tadbirlar oʻtkazish uchun yangi bino hamda pansionatga tutash 3 gektar maydonda Nuroniylar parkini barpo etish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatma berdi.
Videokonferensiya tarzida oʻtgan uchrashuvda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar, ijtimoiy muassasalar rahbarlari ham ishtirok etdi. Mamlakatimizdagi «Saxovat» va «Muruvvat» uylaridagi sharoitlarni, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
— Bugun boshqacha uchrashuv boʻladi. Faqat bu pansionat emas, mamlakatimizdagi barcha 34 ta «Saxovat» va «Muruvvat» uyini yaxshilash choralarini kelishib olamiz. Ularda jami 9 ming 700 oʻrin mavjud boʻlib, hozirda 8 ming 840 nafar nuroniylarimiz yashab, davolanyapti. Lekin bu uylarga hech kim kirmagan, faqat bayramlardagina eslangan, tartib, eʼtibor boʻlmagan. Bunday insonlar mehr izlaydi, eʼtibor izlaydi. Ularning duosini olsak, yurtimizga baraka yogʻiladi, — dedi Prezident.
Shu maqsadda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligini Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi. Sharoiti ogʻir muassasalarda qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish, tibbiy uskunalarni yangilash, zamonaviy fizioterapiya boʻlimlari tashkil qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
— Avvalgi meʼyorlarni qayta koʻrib chiqib, bu joylarda yashayotgan fuqarolarimizning dorilarini koʻpaytirish, ovqatlari sifatini oʻzgartirish, taom tayyorlashda autsorsing tizimini yoʻlga qoʻyish kerak. Ularning holidan xabar olib turish uchun yaqin atrofdagi shifoxonalar, maktablarni biriktirish ham mumkin. Bu ham eʼtibor, mehr-oqibat. Bemor insonlarga eʼtiborni kuchaytirsak, yanayam sogʻayadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Barcha muassasalarga avtobus sovgʻa qilib, yurtimizning diqqatga sazovor joylari va ziyoratgohlarga sayohatlarini uyushtirish, konsert dasturlari, havaskorlik toʻgaraklari tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.
Kasaba uyushmalari federatsiyasiga «Saxovat» uylaridagi barcha nuroniylarni har yili bir marta yurtimizning eng yaxshi sanatoriylarida sogʻlomlashtirish vazifasi topshirildi.
Davlatimiz rahbari «Saxovat» va «Muruvvat» uylari xodimlarining fidoyiligini, mehribonligini alohida taʼkidlab, ularning oylik ish haqlarini oshirish boʻyicha koʻrsatma berdi.