Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 may kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar oldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Avval Toshkent shahrining Olmazor tumanida istiqomat qilayotgan Abbos ota xonadoniga borildi.
Abbos ota Appanov 1924 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1942 yil fevralda Smolensk shahriga urushga borib, keyinchalik Belarus, Polsha, Germaniyada boʻlgan shiddatli janglarda ishtirok etgan. 1946 yilda yurtimizga qaytgan Abbos ota uzoq yillar Achaobod mahallasidagi umumtaʼlim maktabida nemis va ingliz tili fanidan saboq bergan, boshlangʻich sinflar uchun “Nemis tili” darsligini ham yozgan.
Bu insonning tinchlik yoʻlidagi xizmatlari munosib baholanib, koʻplab davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
– Sizlarni koʻrib, yaqindan gaplashay, hol-ahvol soʻrab, sihat-salomatlik tilay deb oʻzim keldim. Avvalo, sizni, siz orqali barcha urush qatnashchilarini, xalqimizni bayram bilan tabriklayman. Hamisha sogʻ-salomat boʻlib, duogoʻyimiz boʻlib, yoshlarimizga namuna boʻlib yurishlaringizni tilayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
– Allohning inoyati, davlatimizning gʻamxoʻrligi va mehribonchiligidan mana shunday yoshlarga yetib yuribmiz. Sizga ham Allohdan madad, xalqimiz manfaati yoʻlidagi ishlaringizga baraka tilayman. Hurmat uchun rahmat, – deya minnatdorlik bildirdi Abbos ota.
– Sizlar bu hurmatga sazovorsizlar, – dedi Prezident. – Keksalarni eʼzozlash ulugʻ qadriyatimiz. Biz buni davom ettirayapmiz. Yoshlarimiz ham bilsin, bundan oʻrnak olsin.
Piru badavlat boboning farzandlari ham nafaqada. Bugun 21 nafar nabira, 55 nafar evara va 7 nafar chevara bilan umrguzaronlik qilmoqda.
Davlatimiz rahbari Yashnobod tumanida yashayotgan Fyodor Fedin xonadonida ham boʻldi.
Fyodor Semyonovich 1927 yilda Rossiyaning Mordoviya oʻlkasida tugʻilgan. 1944 yilda armiyaga chaqirilib, urushda aloqachi va instruktor vazifasini bajargan. Minsk shahri yaqinidagi janglarda ishtirok etgan. Urush tugaganidan soʻng, bir necha yil Xitoyda xizmat qilgan. 1949 yilda Toshkent shahriga kelib, aviatsiya zavodida ishlagan. Koʻplab mehnat mukofotlarini qoʻlga kiritgan. Turmush oʻrtogʻi bilan birga ikki qizni tarbiyalab, voyaga yetkazgan.
Prezidentimiz ushbu faxriylarning salomatligi, yashash sharoitlarini soʻradi. Bugungi tinchlikka qoʻshgan hissasi, koʻp yillik samarali faoliyati uchun ularga minnatdorlik bildirdi.
Davlatimiz rahbari Mirzo Ulugʻbek tumanida yashovchi Akmal ota Akromovni ham ziyorat qildi.
Akmal ota 1924 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1941 yilda maktabni tamomlab, mashinasozlik zavodida ishlagan. 1942 yildan urushda qatnashib, qattiq yarador boʻlgan.
Yurtimizga qaytgach, savdo, oziq-ovqat sanoati sohalarida mehnat qilgan. Nafaqa yoshida Toshkent shahar Urush va mehnat faxriylari jamiyati raisi, “Nuroniy” jamgʻarmasining shahar boʻlimi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
– Urushda qatnashib, qahramonlik koʻrsatib, urushdan keyin davlatimizga juda koʻp xizmat qilib, farzandlarni, nevaralarni tarbiyalab, mana shunday moʻtabar yoshga yetganingiz juda katta baxt-kamol. Sizlarning hayotingiz, har bir gapingiz bizga maktab. Ilohim, sogʻligingiz mustahkam, umringiz yanada uzoq boʻlsin. Yoshlarimizga sizlarning yoʻlingizni, umringizni bersin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Akmal ota ham barcha urush faxriylari nomidan davlatimiz rahbarini tabrikladi.