Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni Nukus shahriga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini isloh qilish boʻyicha muhokamalar jarayoni ketmoqda. Aslida, amaldagi qonunchiligimizga koʻra, parlamentning oʻzi ham Konstitutsiyaga oʻzgartish kiritish vakolatiga ega. Shunga qaramay, Prezidentimiz bu boradagi qonun loyihasini umumxalq muhokamasida koʻrib chiqishni hamda referendum oʻtkazish yoʻli bilan qabul qilishni taklif etdi.
Lekin, ayrim joylarda masalaning mohiyatini talqin qilishda tushunmovchilik holatlari ham uchradi. Jumladan, loyihada koʻzda tutilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasiga oid ayrim normalarga bir guruh shaxslar tomonidan norozilik bildirildi. Buning oqibatida 1 iyul kuni Nukus shahrining markaziy koʻchalarida namoyishlar uyushtirildi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini noqonuniy egallashga urinish harakatlari sodir etildi.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari Nukus shahriga yetib kelib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi.
Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy islohotlar Vatanimizning bugungi va kelajak hayoti uchun gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan masala ekani, muhokamalarda koʻpmillatli xalqimiz koʻplab taklif va tavsiyalarini bildirayotganini taʼkidladi.
Tartibga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi eʼlon qilingan qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan oʻtkaziladi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida Qonunchilik palatasi tomonidan takomiliga yetkaziladi. Keyin esa mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga qoʻyilib, fuqarolarimiz erkin ovoz berish orqali oʻzlarining bu masala boʻyicha xohish-irodasini ifoda etadi. Shundan keyingina Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar qonuniy tusga kiradi.
– Yangilanayotgan Konstitutsiyamizni takomiliga yetkazish uchun qancha vaqt va muddat kerak boʻlsa, bu jarayon shuncha davom etadi. Bu borada faqat xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz, – dedi Prezident.
Xalqimiz hukmiga havola etilgan mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi hali qabul qilinmagan, umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan, xolos. Shu bois davlatimiz rahbari Qoraqalpogʻistonning oʻziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini eʼtiborga olib, loyihadagi Qoraqalpogʻiston Respublikasining huquqiy maqomiga oid normalarni oʻzgartirishsiz qoldirish zarurligini taʼkidladi. Yaʼni, Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75-moddalari oʻzgarishsiz qoldiriladi.
– Takror aytaman: oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari oʻrtasidagi qardoshlik, oʻzaro hurmat va mehr-oqibat, ogʻizbirchiligimizni asrab-avaylash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash – barchamizning burchimizdir. Konstitutsiyaviy islohotlarimizning bosh maqsadi ham aynan mana shundan iborat. Yangi Oʻzbekiston, Yangi Qoraqalpogʻistonni albatta birgalikda quramiz, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.
Mamlakatimizdagi barcha islohotlar, muhokamalar, hech shubhasiz, demokratiya va huquqiy mezonlar asosida amalga oshirilishi qayd etildi.
Ayni vaqtda tinchlik va osoyishtalik, jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan har qanday shaxslarga nisbatan qonun doirasida qatʼiy choralar koʻrilishi, “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan qoidani amalda taʼminlash uchun kuch va imkoniyatlar yetarli ekani taʼkidlandi.
Prezident barcha yurtdoshlarimizni hamjihatlik va birdamlikka, oqilona ish koʻrishga, turli gʻarazli chaqiriq va harakatlarga berilmaslikka daʼvat etdi.
Uchrashuvda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari, jamoatchilik vakillari soʻzga chiqib, xalqimizning ogʻizbirchiligini qoʻllab-quvvatladi.