Prezident Shavkat Mirziyoyev Uchtepa tumani Nayman mahallasidagi oilaviy bolalar uyi bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar alohida eʼtiborga olingan. Davlat tomonidan berilgan imtiyozlar natijasida bunday bolalarni oʻz bagʻriga olayotgan oilalar ortib bormoqda. Jumladan, 131 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilib, 808 nafar oʻgʻil-qiz tarbiyaga olingan.
Uchtepa tumanidagi mazkur oilaviy bolalar uyi ham shu boradagi ishlarning mantiqiy davomidir. 2 qavatli bino Milliy gvardiya tomonidan rekonstruksiya qilinib, 12 ta oila uchun sharoit yaratilgan. Barcha xonadonlar maishiy texnika, mebel va xoʻjalik jihozlari bilan taʼminlangan.
Prezidentimiz shunday oilalardan biri — Inomjon va Dildora Davlatovlar xonadonida boʻldi. Ular 4 nafar yetim bolani oʻz qaramogʻiga olgan.
Bolajonlar oʻz oilasi boʻlishini orzu qilgani, davlat eʼtibori bilan bu orzusi ushalganini aytishdi.
Ota-onalarning oʻz farzandlari va tarbiyaga olingan bolalar shu yerdagi 238-umumtaʼlim maktabida taʼlim oladi.
Majmuada 2 ta sport zali, mini-futbol stadioni, oʻyin va vorkaut maydonchalari, yozgi sahna, xiyobon tashkil etilgan. Manzarali va mevali daraxt nihollari ekilgan. Moʻjazgina tomorqada roʻzgʻorbop mahsulotlar yetishtiriladi.
Davlatimiz rahbari oʻquv va sport toʻgarakalarini kirib koʻrdi, yoshlar bilan suhbatlashdi.
Shu yerda Toshkent shahri tumanlarini mahallabay rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi.
Oʻtgan 11 oyda poytaxtimizda 650 ta loyiha amalga oshirilib, 30 mingta ish oʻrni yaratilgan. Xususan, Uchtepa tumanida yangi tadbirkorlik subyektlari soni 1 ming 110 taga koʻpaygan.
Toshkentda savdo, sanoat va xizmatlarni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligi qayd etildi. Bundan toʻla foydalanib, poytaxtni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish vazifasi belgilandi.
Prezidentimiz ijtimoiy muammolarni hal etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Poytaxtimizda 584 ta mahalla bor. Ularni obod qilish, yoʻllarni yaxshilash boʻyicha koʻp ishlar qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari navbatdagi rejalar, aholining talab-istaklari yuzasidan mahalla raislari bilan suhbatlashdi.
Ulardan kelib chiqib, 44 ta ijtimoiy obyektni taʼmirlash, bolalar bogʻchasi, poliklinika, istirohat bogʻi tashkil etish choralari belgilandi.
Toshkent shahridagi 12 ta issiqlik markazining barchasi 1968-1986 yillarda qurilgan boʻlib, uskunalari eskirgan. Shu bois, ulardan 9 tasi negizida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zamonaviy markazlar tashkil etiladi. Natijada poytaxtimizda har yili qoʻshimcha 3 milliard kilovatt-soatdan ziyod elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Yangi yil bayrami arafasida bozorlarga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.