Prezident: Oʻqituvchisining qadr-qimmati baland boʻlgan xalqning obroʻ-eʼtibori yuksak boʻladi

0
26
marta koʻrilgan.

Toshkent shahrida 1 oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali marosim boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining boshida barcha taʼlim-tarbiya xodimlarini bayram bilan samimiy  tabriklab, xalqimizning chuqur hurmat-ehtiromini yetkazdi.

Biz ustozni otadek ulugʻ deb bilgan, uni hamisha boshiga koʻtarib eʼzozlagan buyuk, maʼrifatparvar xalqning vakillarimiz. Tariximizdagi qaysi mashhur ajdodimizni olmaylik, ularning barchasi ustozlarga yuksak ehtirom bilan qaraganlariga guvoh boʻlamiz. Ustozini, muallimini eʼzozlagan jamiyat albatta ravnaq topadi, gullab-yashnaydi. Oʻqituvchisining qadr-qimmati baland boʻlgan xalqning obroʻ-eʼtibori yuksak boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Hayotda har bir ezgulik, har bir kashfiyot va yutuqning zamirida oʻqituvchining mehnati, bardoshi va mehr-muhabbati mujassam ekani taʼkidlandi.

Taʼlim – sohalar ichida eng dolzarbi, maktab – eng muhimi boʻlsa, oʻqituvchilik kasblar orasida eng ulugʻidir. Shaxsan men oʻqituvchi deganda, oʻzim uchun aziz va qadrli boʻlgan zotlarni, yuz-koʻzidan nur yogʻilib turadigan moʻtabar insonlarni tasavvur qilaman. Ular  zamonamizning eng ilgʻor kishilari, jonkuyar, vatanparvar, xalqparvar insonlardir. Shu sababli xalqimiz oʻzining eng katta boyligini – farzandlari tarbiyasini oʻqituvchilarga ishonib topshiradi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Ustozlarning donishmandligi, hayot maʼnosini chuqur anglab, odamlarni yaxshilikka va muvaffaqiyatlarga ruhlantirishi qayd etildi.

– Insonning ongi, dunyoqarashi oʻzgarmasa, jamiyat oʻzgarmaydi. Jamiyat oʻzgarmasa, taraqqiyot ham boʻlmaydi. Odamlarning tafakkurini, shu asosda butun jamiyatni kim oʻzgartira oladi? Yangi beruniylarni, xorazmiy va fargʻoniylarni kim kamolga yetkazadi? Bunday ulugʻvor vazifani, tom maʼnodagi tarixiy missiyani ado etishga faqat siz – ustoz va murabbiylar qodirsiz, – dedi Prezident.

Bugun yurtimiz oʻgʻil-qizlari xalqaro fan olimpiadalarida, sport maydonlarida ulkan marralarni qoʻlga kiritayotgani yodga olindi. Bu gʻalabalar avvalo ustoz-murabbiylarning fidokorona mehnati samarasi ekani eʼtirof etildi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 27 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, taʼlim-tarbiya tizimiga qoʻshgan munosib hissasi, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazishdagi ibratli faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Marosimda ana shu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

– Oʻz mehnati bilan qadr topish, el-yurt ardogʻida boʻlish chinakam baxt. Bu, ayniqsa, oʻqituvchi va murabbiylarga yarashadi. Qadringiz ham, qaddingiz ham doimo baland boʻlsin, aziz ustozlar, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mukofotlanganlar nomidan soʻzga chiqqanlar taʼlim sohasi va muallimlarga eʼtibori, kamtarona xizmatlarini yuksak baholagani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.