Prezident Shavkat Mirziyoyev temir yoʻlchilarni kasb bayramingiz bilan tabriklab, ularga sihat-salomatlik, ezgu ishlarida yutuq va omadlar, xonadonlariga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tiladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. Mamlakatimiz rahbari shunday dedi:
– Jondan aziz Vatanimiz mustaqilligining shonli 31 yillik bayrami arafasida nishonlanayotgan ushbu quvonchli ayyomda sizlarning masʼuliyatli va sharafli faoliyatingiz haqida soʻz yuritar ekanmiz, istiqlol davrida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati ham katta taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtganini mamnuniyat bilan taʼkidlaymiz,
Mustaqillik yillarida 2 ming 400 kilometrdan ortiq yangi temir yoʻllar barpo etilgani, mavjud temir yoʻllarning 3 ming kilometrdan ziyodi elektrlashtirilgani, 1 ming 100 kilometr qismi qayta tiklangani sohada tarixan qisqa davrda ulkan ishlar amalga oshirilganidan dalolat beradi.
Sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan mamlakatimizda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining talab va ehtiyojlarini taʼminlaydigan zamonaviy temir yoʻl tizimi barpo etilib, kechayu kunduz samarali faoliyat koʻrsatib kelayotgani albatta eʼtiborlidir.